23:45 / 12.12.2019
0
22403

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ogohlantirish bilan chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi yo‘l harakati ishtirokchilariga ogohlantirish bilan chiqdi.

Foto: Kun.uz

“Shu kunlarda respublikamiz hududida ob-havo o‘zgarib, yog‘ingarchiliklar kuzatilmoqda. Ayrim hududlarda esa qalin tuman tushishi oqibatida avtomobil yo‘llarida ko‘rinish cheklanmoqda. Bu esa yo‘l harakati qatnashchilari uchun bir qator noqulayliklarni keltirib chiqarishi, yo‘l-transport hodisalari sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Biz barcha haydovchilardan transport vositasini boshqarish paytida murakkab ob-havo sharoitini, ayniqsa tuman tushganligini hisobga olishlarini, zarurat bo‘lmaganda tungi vaqtlarda harakatlanmaslikni, ayniqsa tezlik talablariga qat'iy amal qilishlarini, piyodalardan yo‘lni kesib o‘tishda o‘ta hushyor bo‘lishlarini, kattalardan yo‘llarda bolalarning harakatini nazoratga olishlarini so‘raymiz”, deyiladi unda.

Eslatib o‘tamiz, 12 dekabr kuni Namangan va Farg‘ona aeroportlaridagi noqulay ob-havo sharoiti (kuchli tuman) sababli bu shaharlarga parvoz qilgan qator samolyotlar Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgani xabar qilingandi.

Ob-havo ma'lumotiga ko‘ra, 13 dekabr kuni ham respublikaning ayrim joylarida yog‘ingarchilik bo‘lishi va tuman tushishi kutilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top