18:52 / 13.12.2019
1
43357

Amerikalik konsultant JSTga a'zo bo‘lish O‘zbekiston uchun nega kerakligiga uchta sababni aytdi

Arxiv foto: Hindiston savdo-sanoat palatalari federatsiyasi

AQSh Savdo vakolatxonasi (USTR) va Qo‘shma Shtatlarning Jahon Savdo Tashkilotidagi missiyasida uzoq yillar mas'ul lavozimlarda ishlagan Mark Linskott Toshkentda matbuot anjumani o‘tkazdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, savdo boshqaruvi sohasida 33 yillik ish tajribasiga ega ekanini aytgan amerikalik sobiq mulozim O‘zbekiston nima uchun Jahon Savdo Tashkilotiga kirishga harakat qilishi lozimligi bo‘yicha fikr bildirib o‘tdi.

«Birinchidan, jahonda JSTga kirmagan davlatlar juda kam qolgan (164ta davlat a'zo – tahr.). Markaziy Osiyodan faqat Turkmaniston va O‘zbekiston hozircha tashkilot a'zosi emas.

JSTga qo‘shilishga qiziqish bildirmayotgan KXDRni hisobga olmaganda, hatto urushlardan keyin tiklanayotgan mamlakatlar – Sudan, Janubiy Sudan, Iroq kabilar ham tashkilotga kirish tomon harakat qilmoqda.

Ikkinchidan, O‘zbekiston xorijdan investitsiya jalb etishga, o‘z mintaqasidan tashqari savdo aloqalarini ham o‘stirishga katta e'tibor qaratmoqda. JSTga a'zolik O‘zbekistonga kirayotgan investorlar va mamlakatning savdo hamkorlariga kafolatlar va oshkoralikni taqdim etadi.

Uchinchidan, JSTga a'zo bo‘lish O‘zbekistonga boshqa davlatlarning o‘ziga aloqador tijoriy qarorlari ustidan (masalan, chegara va bojlar masalasida) shikoyat qilish imkonini beradi. Misol uchun, Antigua va Barbuda JST orqali AQShning savdo cheklovlariga qarshi chiqqandi. Yoki Markaziy Amerika mamlakatlari Yevropa davlatlari tomonidan banan importiga joriy etilgan cheklovlarning bekor qilinishiga erishishgan edi.

Qolaversa, O‘zbekiston JSTga qo‘shilib, uning to‘laqonli a'zosi sifatida xalqaro savdo qoidalarini ishlab chiqishda qatnashish imkoniga ega bo‘ladi», – deydi Mark Linskott.

Uning ta'kidlashicha, Jahon Savdo Tashkilotiga asos solingan 1995 yildan buyon hali birorta davlat undan chiqib ketmagan.

JSTga a'zo bo‘lish jarayoni qancha vaqt davom etishiga qaysi omillar ta'sir etishi haqidagi savolga Linskott quyidagicha javob berdi.

«Jarayon uzoqqa cho‘zilishi mumkin. Bu, shubhasiz, murakkab jarayon. Talabgor JST doirasidagi turli shartnomalarni o‘z qonunchiligiga tatbiq etishga tayyor bo‘lishi kerak. Bu kelishuvlar savdo yoki xizmat ko‘rsatish ishtirokchilarining huquqlari, standartlar, subsidiyalar, tariflar va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

Muzokaralar ikki tomonlama va ko‘plab tomonlama kechadi. Ikki tomonlama muzokaralarda tashkilot a'zolaridan, masalan bu AQSh bo‘ladimi, Yevropa Ittifoqimi, Avstraliya yoki Braziliya, Yaponiya yo Argentina bo‘ladimi – ularning barchasi o‘z muayyan manfaatlarini ilgari suradi.

Jarayonni tezlashtirish haqida gap ketganda, bunda eng asosiy faktor – davlat rahbaridagi qat'iy istak. U muzokarachilar va vazirliklarga jarayonni faol olib borish, muammolar yechimini topish bo‘yicha topshiriqlar berishi mumkin.

Misol uchun, Qozog‘iston [2015 yilda] JSTga kirishi oldidan mamlakatning o‘sha paytdagi prezidenti Nazarboyev buni ustuvor vazifa deb hisoblashini aniq bayon etgan. Bu esa Qozog‘istonning tashkilotga a'zo bo‘lish jarayonini tezlashtirishga yordam bergan edi», – deya qayd etdi Mark Linskott.

U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda AQShga tashrif bilan borganini eslab o‘tdi.

«Prezident Mirziyoyev o‘tgan yili Vashingtonda bo‘lib, prezident Donald Tramp bilan uchrashganida mamlakat JSTga a'zo bo‘lish niyatida ekanini ochiq bildirgan edi. O‘zbekistonning yangi rahbariyati bu yo‘nalishdagi ishlarni haqiqatda faollashtirishini ma'lum qilgani boshqa davlatlar uchun ochiq signal bo‘lgandi», – deydi amerikalik tijorat konsultanti.

Oktabr oyida AQSh savdo vaziri Uilbur Ross O‘zbekiston rasmiylarini ogohlantirib, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirish JSTga a'zo bo‘lishni qiyinlashtirishini aytgan edi. Mark Linskott ham vazirning bu so‘zlariga qo‘shilishini bildirdi.

«Men AQSh hukumatini o‘tgan yili noyabrda tark etganman, shu boisdan bunga izoh berish yoki tushuntirish vakolatiga ega emasman.

Ammo JSTga a'zo bo‘lishi arafasida Qozog‘iston bilan o‘tkazgan muzokaralarim, Armaniston va Qirg‘izistonning YeOIIga qo‘shilishi jarayonida bevosita qatnashganim va hozir Belarus bilan bog‘liq vaziyatni kuzatayotganimdagi tajribalarimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, avval YeOIIga a'zo bo‘lish mamlakatning JSTga kirishi jarayonini murakkablashtiruvchi omil bo‘lishi mumkin.

YeOII a'zosi bo‘lgan mamlakatlar bilan tariflarni kelishish ancha qiyin, bunda YeOII a'zolari bilan kelishilgan tariflar va JSTga a'zo davlatlar bilan kelishiladigan tariflarni sinxronizatsiya qilish muammo tug‘diradi.

Armaniston va Qirg‘iziston YeOIIga qo‘shilganida allaqachon JST a'zolari edilar, shuning uchun ularda bunday muammo bo‘lmagan. Qozog‘iston esa shu masalani yechishiga to‘g‘ri kelgandi. Hozir JSTga a'zo bo‘lish bosqichida turgan Belarus ham tarif siyosatini kelishish bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda, chunki ular ham YeOII a'zosi sanaladi.

Men YeOIIga baho berish niyatida emasman. Aytib o‘tganlarim – shaxsiy tajribamdan kelib chiqqan xulosalarimdir. Har qanday suveren davlat qaysi xalqaro uyushmaga qo‘shilishni o‘zi mustaqil hal etadi. Men aytayotgan murakkabliklar siyosiy emas, faqatgina texnik xarakterga ega», – dedi u.

Ekspertdan Jahon Savdo Tashkilotiga a'zo bo‘lish yo‘lida O‘zbekiston oldida turgan eng katta qiyinchilik nimaligi haqida ham so‘raldi.

«O‘zbekiston yaqinda import tariflarini oshirishga qaror qilgan bo‘lsa-da, umuman olganda mamlakatdagi importga o‘rtacha boj stavkalari jahon miqyosida olganda nisbatan past. Shuning uchun import tariflari bo‘yicha muzokaralar qiyin bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.

Murakkabliklar asosan yangi qonunchilik ishlab chiqilishi, yangi qaror va farmonlar qabul qilinishi, yangi tartiblar belgilanishi bilan bog‘liq. Bularning bari, albatta, oson bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, bularga nafaqat qiyinchilik deb, balki iqtisodiyotda islohot o‘tkazish imkoniyati deb ham qarash mumkin. Chunki bu o‘zgarishlar prezident e'lon qilgan islohotlar dasturida ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuni aytib o‘tishim mumkinki, O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lish yo‘lidagi murakkabliklarda AQSh ko‘magiga tayanishi mumkin. Qo‘shma Shtatlar odatda JSTga kirish istagidagi mamlakatlarga yordam berib keladi: amerikalik muzokarachilar buning uchun vaqt ajratishga, Davlat departamenti esa texnik ko‘mak ko‘rsatishga tayyor. Buning uchun, albatta, O‘zbekiston tomoni ham niyati jiddiy ekanini ko‘rsatishi lozim», – deydi Mark Linskott.

Mark Linskott (o‘ngda) senator Sodiq Safoyev bilan (2018 yil)

Ma'lumot uchun, Mark Linskott – Vashingtonda joylashgan «The Asia Group» konsultativ guruhining katta maslahatchisi va «Atlantic Council» aql markazi (think tank)ning Janubiy Osiyo bo‘yicha markazi a'zosi sanaladi.

U 2003-2016 yillarda AQSh Savdo vakolatxonasi (USTR) tizimida, bundan oldin esa olti yil davomida JSTning Jyenevadagi bosh shtab kvartirasida AQSh missiyasi tarkibida mas'ul lavozimlarda ishlagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top