17:39 / 13.12.2019
0
49044

Atamboyev maxsus xizmat xodimini o‘ldirishda ayblanmoqda

Foto: REUTERS/Vladimir Pirogov

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevga 7 avgustda Qo‘y-Tosh qishlog‘ida uni qo‘lga olish chog‘ida milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining "Alfa" maxsus bo‘linmasi xodimini o‘ldirish ayblovi qo‘yildi. Bu haqda Atamboyevning advokati Zamir Jooshev ma'lum qildi.

"Atamboyev "Alfa" maxsus bo‘linmasi komandiri o‘rinbosari Usenbek Niyazbekovni o‘ldirishda gumonlanayotgani to‘g‘risida xabarnoma topshirildi. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Niyazbekov Dragunov snayper vintovkasi bilan o‘ldirilgan, ammo avvalroq IIV u AK-47 avtomati bilan o‘ldirilganini bildirgandi. Tergov organlari bir-biriga zid ma'lumotlar bermoqda", - dedi Jooshev.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, "Alfa" xodimlari Qo‘y-Toshda "xavfsizlik qo‘mitasining jinoiy buyrug‘i"ni bajarishgan. Uning aytishicha, gumonlanuvchini tergovga olib borish uchun vazifasi butunlay boshqa bo‘lgan maxsus bo‘linma ishtirokida maxsus operatsiya o‘tkazilishi kerak emas.

Atamboyevni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot uning Bishkekdan 20 km uzoqlikda joylashgan Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi uyida 7-8 avgust kunlari o‘tkazilgan. Kuch tuzilmalari xodimlari va sobiq prezident tarafdorlari o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlar vaqtida 136 kishi jabrlangan, bir maxsus jangchi halok bo‘lgan. O‘shandagi voqealar Atamboyevning kuch tuzilmalariga taslim bo‘lishi bilan yakun topgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top