20:15 / 13.12.2019
1
3616

DXA direktori: Salohiyatimiz barcha oliy ta'lim muassasalariga hujjat qabul qilish uchun yetarli

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Davlat xizmatlari markazlari 2020 yilda O‘zbekistonning barcha oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish istagidagi abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishga tayyor. Bu haqda DXA direktori Xalilillo To‘raxo‘jayev 12 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«Qancha oliy ta'lim muassasasiga hujjat qabul qilishga ruxsat berilsa, shunchasini qilamiz. Bu bizga bog‘liqmas. Lekin salohiyatimiz barcha oliy ta'lim muassasalariga hujjatlarni qabul qilishga yetadi.

Kerak bo‘lsa, tun-u kun ishlash rejimiga o‘tamiz. Qabul mavsumida, ya'ni talab odatdagidan bir necha barobar ortib ketganda o‘zimiz istagancha xodimlarni ishga olish huquqiga egamiz, shu masalani o‘zimiz hal qilishimiz bo‘yicha Moliya vazirligiga taqdimnoma kiritdik. Ya'ni shtatlarimizni egiluvchan qilish, zaruratga qarab o‘zimiz o‘zgartirish kiritishimizga, masalan, may-iyun oylarida qo‘shimcha 300 nafar odamni ishga olishga ruxsat berilishini so‘raganmiz. O‘sha paytga borib Moliya vazirligidan ruxsat so‘rasam, bizga ruxsat berilguncha imtihon ham tugaydi», deya Xalilillo To‘raxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ta'kidlanishicha, 2019 yilgi qabul jarayonida davlat xizmatlari markazlari orqali hujjat topshirgan abituriyentlar bilan muammolar kuzatilmagan, bu hukumat darajasida ham e'tirof etilgan.

«2019 yili hamma oliy ta'lim muassasalariga hujjatlarni davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish haqida hukumatga taklif kiritdik. Lekin bizni to‘la qo‘llab-quvvatlashmadi. Faqat beshta universitetga abituriyentlardan hujjatlar markazlarimiz orqali qabul qilinishiga ruxsat berildi. Natijada abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish jarayonida ajiotaj kuzatildi, oliy ta'lim muassasalarining qabul komissiyalari hujjatlarni elektron qabul qilish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lishmagani uchun qiyinchiliklarga duch kelishdi. Vaholanki, shu ish bizga berilganda bunday bo‘lmasdi deb o‘ylayman, chunki bu borada ancha-muncha tajribamiz bor.

Fikrimni davlat xizmatlari markazlari orqali hujjat topshirgan abituriyentlar bilan hech qanday muammo yuzaga kelmagani ham tasdiqlaydi. Shaxsan menga bu bo‘yicha birorta ham murojaat kelib tushgani yo‘q. O‘tgan yili qabul jarayonida shov-shuv ko‘tarilganda bu masala Vazirlar Mahkamasida ham, Prezident administratsiyasida ham ko‘rib chiqilgan, o‘shanda qaysi institutlarni deb odamlar qiynalayotgani ochiqcha aytilgan, ammo bizga nisbatan hech qanday e'tiroz bo‘lmagan», deydi Xalilullo To‘raxo‘jayev.

Tadbirda o‘tgan yili beshta universitetga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar hujjatlarni qabul qilish muvaffaqiyatli kechgani uchun joriy yilda O‘zbekistondagi barcha oliy ta'lim muassasalariga hujjatlarni davlat xizmatlari markazlar orqali topshirish masalasi ko‘rib chiqilayotgani ma'lum qilindi. Davlat xizmatlari agentligi mutasaddilarining aytishicha, hozircha bu borada yakuniy qarorga kelingani yo‘q. 

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda respublikamizning har bir tumanida davlat xizmatlari markazi tashkil etilgan bo‘lib, ularning soni 201tani tashkil etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top