16:42 / 13.12.2019
0
4185

«Ekspress-xizmat»: Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholiga yana bir qulaylik yaratildi

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, mamlakat bo‘ylab «ekspress-xizmat» xizmati ishga tushirilgan. Bu xizmat turi orqali endilikda zarur hujjatlarni davlat xizmatlari markazlariga bormasdan turib, pochta orqali ham olish imkoni mavjud bo‘ladi.

Hozircha ushbu qulaylik tajriba tariqasida:

– sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risida ma'lumotnomalarni olish;

– nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani olish;

– manzil-ma'lumot axborotlarini taqdim etish xizmatlari uchun joriy qilingan.

Ta'kidlanishicha, tez orada bu turdagi xizmatlar soni kengayib boradi.

Mazkur xizmat faqatgina ixtiyoriylik asosida ko‘rsatiladi.

To‘lov mavjud bo‘lgan xizmatlarda ekspress-xizmatdan foydalanishda, arizachiga ekspress-xizmat invoysi va boshqa to‘lov invoysi bir vaqtda beriladi.

Hozircha hujjatlarni yetkazib berish ekspress-xizmati narxi 8000 so‘m qilib belgilanmoqda.

Ushbu qulaylikdan foydalanish uchun:

  1. Arizachining ixtiyoriga ko‘ra, ariza to‘ldirish jarayonida oxirgidan bitta oldingi qadamda (boshqa xizmatlarda oxirgi qadamda bo‘lishi ham mumkin) «Pochta xizmatidan foydalanish» tugmasi bosiladi;
  2. Pochta oluvchining ma'lumotlari to‘ldiriladi va yetkazib berilishi kerak bo‘lgan hujjat(lar) tanlanadi;
  3. «Davom etish» tugmasini bosish orqali ekspress-xizmatlar uchun to‘lovga invoys shakllantiriladi;
  4. «Ariza to‘ldirishni davom etish» tugmasi bosiladi;
  5. Ariza to‘liq shakllantiriladi va yuboriladi.

Ma'lumot uchun: Davlat xizmatlari agentligiga tashrif buyuruvchi aholi soni tahlil qilganda, ularning 70 foizi aynan tayyor hujjatni olib ketish uchun kelishi aniqlangan.

Mazkur «ekspress-xizmat»ning ishga tushirilishi Markazlarda mijozlar oqimining keskin kamayishiga xizmat qilib, ortiqcha navbat kutishning oldini oladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top