21:17 / 13.12.2019
0
16493

Ilon Mask cho‘lning bir bo‘lagi butun AQShni energiya bilan ta'minlay olishini aytdi

Foto: Getty Images

Amerikalik milliarder va ixtirochi, Tesla kompaniyasi rahbari Ilon Mask butun AQShni sof energiya bilan ta'minlay olishi mumkin bo‘lgan ulkan quyosh fermasini yaratish mavzusini navbatdagi marta ko‘tardi. U bu boradagi fikrlari bilan tvitterda Microsoft asoschisi Bill Geyts bilan borgan bahs davomida bo‘lishdi. 

Ilonning hisob-kitoblariga ko‘ra, AQShni quyosh energiyasi bilan ta'minlash uchun Arizona, Yuta, Texas shtatlaridagi cho‘l hududidagi va umuman har qanday joydagi 100 milga 100 millik “gigaferma” kifoya qiladi. U o‘z hisob-kitoblarida London universitet kolleji tadqiqotlariga asoslangan. Bu maydon kvadrat kilometrlarda 25900 ni tashkil qilib, taxminan Moskvadek 10 ta shahar maydoniga teng.

Mask energiya ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan “gigafabrika” haqida ilk bor 2015 yilda so‘z ochgan. 2017 yilda u bu mavzuga yana qaytib, “gigafabrika” sxemasiga eng katta energiya saqlagichni qo‘shgan. Tesla texnologiyalariga asoslangan yechim yana bir kvadrat mil maydonni egallagan va sizda “haftasiga 7 kun 24 soat energiya” bo‘lardi.  

O‘shandan beri kompaniya eng unumdor sanoat batareyalari sig‘imini 14 marta oshirishga muvaffaq bo‘lgan. London universitet kolleji tadqiqotchisi Endryu Smit 10 ming kvadrat kilometrlik maydonda joylashgan quyosh fermasidan olinadigan energiyani hisoblab chiqqan. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, 500 GVt elektr energiya chiqqan, bu esa AQShda bir yilda iste'mol qilinadigan energiyadan (425 GVt) ancha ko‘proqni tashkil qiladi.   

Popular Mechanics nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, 10 ming kvadrat kilometrlik maydonni Tesla’ning chidamli va uzoq muddat xizmat qiluvchi quyosh panellari bilan qoplash uchun 6 trln dollarga yaqin mablag‘ talab etiladi. Bu esa Yaponiyaning bir yillik yalpi ichki mahsulotini tashkil qiladi.  

Maskning bu taklifi iqtisodiy tomondan amalga oshirilishi dargumonligiga qaramay, uning Marsda atmosfera hosil qilish uchun uning qutblarini yadro zaryadlari bilan bombardimon qilish taklifi oldida “aqldan ozganlik” borasida “ip esha olmaydi”.   

 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top