18:38 / 13.12.2019
9
41771
Senator bir oylik harbiy xizmatni bosqichma-bosqich yo‘q qilish kerakligini aytdi

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi, senator Farrux Dadaxo‘jayev safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bosqichma-bosqich yo‘q qilish kerakligi haqida gapirdi.

U buning o‘rniga maktablarda umumiy harbiy ta'lim berilishi, o‘qishni bitirayotganda boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikdan o‘tgani haqida ma'lumot yoki hujjat berilsa, bir oylik harbiy xizmatning keragi bo‘lmasligini ta'kidladi.

«MPR [safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat – tahr]ni bosqichma-bosqich yo‘q qilish kerak. Uning o‘rniga maktablarda umumiy harbiy ta'lim berish kerak. Bu borada dasturlar bor, maktablarda dars berib kelinadi. Masalan, 10 sinfda umumiy harbiy ta'lim berish kerak hammaga. Qizlargayam, o‘g‘il bolalargayam, sog‘igayam, nosog‘lomigayam.

11 sinfga o‘tgan o‘quvchilarning ichidan harbiy xizmatga loyiqlarini tanlab olish kerak. Bitta maktabdan chiqsa, o‘ttizta bola chiqadi harbiy xizmatga. Balki yigirmata chiqar. Shularning o‘ziga nazariy dars o‘tib, shug‘ullantirib, ta'til vaqtida harbiy qism biriktirib qo‘yilsa, o‘qishni bitirayotganda boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikdan o‘tgani haqida ma'lumot yoki hujjat berilsa bo‘ldi, MPRning keragi yo‘q. Agar shundayam ertaga o‘zi xohlab armiyaga boraman desa boraversin, o‘qishga kiraman desa kiraversin. Lekin armiyaga bormaydiganlarga yo‘l ochiladi. Bundan xalqqa foyda bo‘ladi. Baribir bugun ikki milliondan ko‘proq odam armiyaga borolmayapti. Armiyaga boray desa olmaysizlar, MPRgayam o‘tkazmaysizlar», dedi Farrux Dadaxo‘jayev 13 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi oldidan parlament yuqori palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Qo‘mita raisi safarbarlik chaqiruvi rezerviga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligi holati yuzasidan bosh vazirga parlament so‘rovi yuborilgani, biroq berilgan javob qoniqarli bo‘lmaganini aytib o‘tdi.

«Ochig‘ini aytganda, bu masala bo‘yicha berilgan javob bizni qoniqtirmadi. Bosh vazir imzo chekkan javob xatida biz bergan taklifdan o‘zini olib qochish bo‘lgan. Afsus, shuni oxiriga yetkazolmadim, bu mening kamchiligim bo‘ldi. Oxiriga yetkazsam bo‘lardi, chunki har yili ikki milliondan oshiq yoshlarimiz armiyaga borolmasdan qolib ketyapti. Mudofaa vazirligi ularni safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat bilan ham qamrab ololmaydi, muddatli harbiy xizmatgayam ololmaydi, chunki shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar ko‘payib ketmoqda. Menimcha, yana o‘n yildan keyin armiyadagilarning 90 foizini «kontraknik»lar tashkil qilsa kerak», deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq Farrux Dadaxo‘jayev yo‘llardagi patrul postlari faoliyatini tanqid qilib, «har bitta patrul posti — kriminalning uyasi» deb aytgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top