21:43 / 13.12.2019
7
45057

Vazirlikdan ayollarni aksar holatlarda erkak mammologlar tekshirishiga izoh so‘raldi

Bugun, 13 dekabr kuni soat 11:00da Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida «Kasalliklarni tashxislash va davolashda zamonaviy hamda innovatsion usullarni qo‘llash» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga 3,2 million AQSh dollari, respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga 2 million yevro, respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga esa 2,8 million yevroga teng bo‘lgan yuqori texnologik asbob-uskunalar yetkazilgan va ishga tushirilgan.

Hududlarda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarning 17ta filiali ishga tushirildi, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tarkibida 6598 o‘ringa mo‘ljallangan 310ta ixtisoslashtirilgan o‘rinlar tashkil qilindi.

Respublika bo‘yicha rentgen endovaskulyar (angiografiya) bo‘limlar 10ta viloyatda, kardioxirurgik operatsiyalar esa 8ta viloyatda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.

Ixtisoslashtirilgan markazlarning filiallari tashkil etilgani natijasida viloyatlarda 2019 yil 11 oyi davomida 2 400dan ortiq jarrohlik operatsiyalari amalga oshirilgan, uning qariyb 1 500tasi (55,5 foizi) yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalarini tashkil etadi. Natijada 2019 yilda 1400 nafarga yaqin bemorlarga yashash joyining o‘zida yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Birgina Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidagi «Bolalar kardioxirurgiya»si bo‘limi sun'iy qon aylantiruvchi (AIK) apparat bilan ta'minlanishi natijasida ilk bor 10 kilogramm vazndan kam bo‘lgan bolalarda yurakda ochiq jarrohlik amaliyoti bajarilishiga erishildi va bugungi kungacha 100 nafarga yaqin tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarni davolashga erishildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliyt tibbiyot markazida 260dan ortiq buyrak, 6ta jigar, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida 68ta buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari o‘tkazilgani tufayli 300 nafardan ortiq fuqarolar yuqori texnologik operatsiyalar uchun chet davlatlarga chiqishining oldi olingan. 2019 yilning o‘tgan davrida hududlarga qariyb 600 nafar xorijlik mutaxassislar taklif qilingan.

Tadbir davomida ayollarni asosan erkak mammolog (sut bezini tekshiruvchi - tahr.) shifokorlar tekshirishi ayollarga noqulaylik tug‘dirishi qayd etilib, bu holatning sababi so‘raldi.

Bu savolga Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev javob qaytardi.

«Erkakmi, ayolmi, tabib o‘z nomi bilan tabib. Albatta, ayollarimiz shunday nozik sohalarda ayol shifokorlarga murojaat qilishni xohlashadi. Albatta, mammolog erkaklarimiz ko‘p, ammo ayol mammologlarimiz ham bor. Chunki ham erkaklar, ham ayollar bu sohalarda ishlashlari mumkin. Masalan, ginekologlar orasida mutlaq ko‘pchiligi ayollar. Ayni shu masaladagi taklifingiz uchun rahmat, buni inobatga olishga harakat qilamiz. Klinik ordinatura, magistraturaga qabulda erkak ayolligiga qaramasakda, zarur mutaxassislarni tayyorlashda bu taklifingizni hisobga olamiz», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top