11:40 / 14.12.2019
17
38290
«Hech kimning ichki ishlar xodimlarini qonunchilikni buzishda asossiz ayblashga haqi yo‘q». IIV vakili senatorning so‘zlariga munosabat bildirdi
Azizbek Ikromov va Farrux Dadaxo‘jayev/ Foto: KUN.UZ

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining joriy yil 13 dekabrda bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida, qo‘mita raisi, senator Farrux Dadaxo‘jayev yo‘llardagi patrul postlari faoliyati yuzasidan to‘xtalib, xususan, katta yo‘llar bo‘yidagi patrul postlarining har biri kriminalning uyasi ekani, noqonuniy postlar borligi hamda yo‘l bo‘ylarida «Stop» belgisini qo‘yishda noqonuniyliklar kuzatilishi haqida fikr bildirgan edi.

IIV axborot xizmati munosabatida aytilishicha: «bunday sub'yektiv yondashuv Farrux Dadaxo‘jayev tomonidan ilgari ham, profilaktika inspektorlarining xizmat mashinalariga benzin quyish novvoychilarga qolib ketgan, deb bildirgan fikrida ham kuzatilgan edi».

O‘z navbatida, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Azizbek Ikromov quyidagicha izoh bergan:

Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishdan, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta'minlashdan, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasidan iboratdir.

Xalq posboni bo‘la turib, huquqbuzarlik sodir etgan har qanday xodim qat'iy javobgarlikka tortiladi. Biroq, hech kimning ichki ishlar organi xodimlarini qonunchilikni buzishda asossiz ayblashga haqi yo‘q.
 
Mutasaddi rahbarlardan ommaviy axborot vositalariga bayonot berishda aniq faktlarga asoslanishlarini va noo‘rin hamda haqoratomuz gaplardan qochishlarini talab qilaman. 

Shuningdek, «To‘xtamasdan harakatlanish taqiqlangan» («Stop») belgisini o‘rnatilishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l harakati qoidalari»ning 1-ilovasida aniq belgilab qo‘yilganligini, ichki ishlar organlari esa belgilangan tartibni ijrochisi ekanligini eslatib o‘tmoqchiman, deydi Azizbek Ikromov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top