16:44 / 14.12.2019
3
13618

Senator majburiy mehnatga sabab bo‘layotgan omilni ma'lum qildi

Muhammadjon Maqsudov/Foto: KUN.UZ

Senatning 25-yalpi majlisi o‘z ishini davom ettiryapti. Kun tartibiga ko‘ra, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Qonun muhokamasi davomida senator Muhammadjon Maqsudov bolalar mehnati va majburiy mehnat yillar davomida og‘riqli nuqtalardan bo‘lganini aytib o‘tdi. Qonunga ayrim tuzatish hamda o‘zgartish kiritish esa huquqiy asoslar va normalarni yangilashga olib kelayotganini ta'kidladi.

Muhammadjon Maqsudovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda majburiy mehnatning vujudga kelishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri bu - mehnat munosabatlarining tegishlicha rasmiylashtirilmayotganidir.

“Masalan 2017-2019 yilning birinchi yarim yilligida ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomalari rasmiylashtirilmaganligi yoki noto‘g‘ri rasmiylashtirilganligi tufayli 10 ming 984 nafar fuqaroning mehnat huquqlari buzilgan. O‘z o‘rnida mehnat daftarchalarini yuritish qoidalarining buzilishi oqibatlarida 8 ming 522 nafar xodimning mehnat stajini belgilash, ish haqini hisoblash, pensiyaning imtiyozli davrini belgilashda muammolar kelib chiqqan. Shu bois ham fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish maqsadida bu qonunda bir necha normalar belgilanyapti”, - deya senatorning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganligi uchun endi jinoiy javobgarlik bor. Ishga qabul qilishni rasmiylashtirish tartibini buzish, o‘zini-o‘zi band qilganlik huquqlarini buzish va vaqtinchalik mehnat guvohnomasi mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etish talablarini buzilganlik uchun endilikda ma'muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Mazkur qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top