18:54 / 14.12.2019
0
10180
TIV: Yaroslavldagi parrandachilik fabrikasidan ketib qolgan o‘zbekistonlik ishchilarning barchasi ish joyiga qaytdi 

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi 11 dekabr kuni Yaroslavl viloyati Ribinsk tumanida joylashgan “Yaroslavskiy broyler” AJda ishlaydigan 75 nafar O‘zbekiston fuqarolari ish beruvchi bilan o‘rtalarida kelib chiqqan mojaro sabab mazkur korxonadan chiqib ketgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan xabarni tasdiqladi.

TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, elchixonaning konsullik bo‘limi vaziyatni nazoratga olgan. 

“Ikki tomondan olingan ma'lumotga ko‘ra nizo bartaraf etilgan hamda barcha ishchilar o‘z vazifalariga qaytgan”, deyiladi xabarda.

Rossiya OAVdagi ma'lumotlarga ko‘ra, ular uzoq vaqtdan beri yomon ish sharoiti va maosh kamligidan shikoyat qilib kelishgan. Bu masalada korxona rahbariga murojaat qilishganida ularga yoqmasa ishdan ketaverishlari mumkinligi aytilgan.

“Yaroslavskiy broyler” korxonasi ishchilarining aytishlaricha, o‘zbekistonlik ishchilar ikkita avtobus buyurtma qilishgan va ketib qolishgan. Ishlab chiqarish to‘xtab qolmasligi uchun dam olish kuni bo‘lganlar zudlik bilan zavodga chaqirilgan. Hatto rahbarlar ham oddiy ishchilar sifatida ishga chiqqan.

Bunday rejimda ishlash hech kimga yoqmagan. Zavoddagilar ishchilarni zudlik bilan qaytarish kerakligi haqidagi qarorga kelishgan. 

- Aytishlaricha, ularga yetishmayotgan pullari qo‘shimcha tarzda to‘langan va endi ish haqi bilan aldamaslikka va'da berishgan, - deya ma'lum qilgan zavod ishchilari.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top