19:27 / 14.12.2019
0
2595
Toshkentda ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Bugun 14 dekabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlarining navbatdagi uchrashuvida ishtirok etdi.

Bu kabi uchrashuvlar BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya Mintaqaviy markazi (MOPDMM) tashabbusi bilan 2008 yildan buyon har yili, Toshkent shahrida esa birinchi marta o‘tkazilmoqda.

MOPDMM delegatsiyasiga BMT bosh kotibining maxsus vakili, markaz rahbari Natalya German boshchilik qildi. 

Tadbirda Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Nuran Niyazaliyev, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston tashqi siyosat idoralari rahbarlarining o‘rinbosarlari Yerjan Ashikbayev, Muzaffar Huseynzoda, Vepa Xadjiyev va Nahid Esar ishtirok etdi.

Sessiya yig‘ilishlar davomida mintaqaviy siyosiy va xavfsizlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi, Markaziy Osiyo mamlakatlariga ta'sir qiladigan voqealar va tendensiyalar, Afg‘oniston bilan hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, MOPDMMning joriy yildagi faoliyati yakunlari muhokama qilindi hamda 2020 yilga hamkorlik rejalari belgilab olindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top