23:53 / 16.12.2019
0
14010

Hindistonda fuqarolik to‘g‘risidagi qonun loyihasi mamlakatdagi musulmonlarning noroziligi va tartibsizliklarga sabab bo‘ldi

Foto: EPA-EFE/RAMINDER PAL SINGH

Hindiston parlamenti Pokiston, Bangladesh va Afg‘onistondan kelgan diniy ozchilik vakillariga fuqarolik berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Mazkur hujjat musulmonlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Mamlakatda buning ortidan tartibsizliklar va ommaviy namoyishlar boshlandi. Namoyishchilar avtomobil va temir yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi, transportlarga toshlar uloqtirishdi, do‘konlarni talashdi. Ushbu hujjat nima uchun noroziliklarga sabab bo‘lmoqda?

Qonun loyihasi kimlarga nisbatan amal qiladi?

U birinchi navbatda 2015 yildan avval Hindistonga kelib yashayotgan Pokiston, Bangladesh va afg‘onistonlik noqonuniy muhojirlarga daxldor.

Mamlakatdagi olti diniy guruh vakillari — buddaviylar, xristianlar, induistlar, jaynlar, parslar va sikxlar Hindiston fuqaroligini olishlari mumkin. Shu bilan birga bu qonun musulmonlar hamda Nepal va Shri-Lanka fuqarolariga nisbatan qo‘llanilmaydi. 

Hukumatdagilar yangi qonunning qabul qilinishini diniy ozchilik vakillarini musulmon aholisi ko‘p mamlakatlarda ta'qib qilinishidan himoyalash deb izohlashmoqda. 

Qonun loyihasi tarafdorlari va unga qarshilar nima demoqda?

Hindistondagi musulmonlar mazkur hujjat qabul qilinishidan norozi, ular mamlakatning dunyoviy tamoyillari, eng asosiysi, uning konstitutsiyasi buzilayotganini ta'kidlamoqda. Hindiston asosiy qonunida o‘z fuqarolariga nisbatan diniy ajratishga yo‘l qo‘yish taqiqlangan va qonun oldida barcha shaxslarning tengligi kafolatlangan. 

Tanqidchilarning fikricha, bu qonun loyihasi rostdan ham ta'qiblardan himoya qilishga qaratilgan bo‘lsa, u holda unga o‘z mamlakatlarida ta'qibga uchragan musulmon ozchilik – masalan, Pokistondagi ahmadiylar va Myanmadagi roxinjalarni ham kiritish lozim edi. 

"Bxaratiya janata parti" partiyasi yetakchisi Ram Madxav esa noqonuniy muhojirlar hech qaysi davlatga kerak emasligini aytib hujjatni himoya qilib chiqdi.

Kimlar Hindistondan chiqarib yuborilishi mumkin?

Fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan tuzatishlar avgust oxirida e'lon qilingan milliy fuqarolik reyestri bilan uzviy bog‘liq. Uni noqonuniy migratsiya muammolaridan xavotirlanayotgan Assam shtati hukumati tuzgan.

Gap 1971 yil 24 martgacha – qo‘shni Bangladesh mustaqilligi tan olinguniga qadar Hindistonda yashab kelganini isbotlay oluvchi shaxslar ro‘yxati haqida bormoqda. 

Fuqarolik reyestriga 2 millionga yaqin mahalliy aholi kiritilmagan. Hindiston hukumati ular o‘nlab yillardan buyon shtat hududida yashayotganiga qaramasdan, ularga noqonuniy muhojir deb qaraydi.

Fuqarolik to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinishi bilan reyestrdan joy olmagan nomusulmonlar o‘ziga xos amnistiyaga tushadi va mamlakatda qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ammo musulmonlar Hindistonni tark etishiga to‘g‘ri keladi.

Hujjat mamlakatdagi vaziyatga qanday ta'sir ko‘rsatdi?

Qonun loyihasi Hindistonning turli qismlari, ayniqsa shimoli-sharqda ommaviy noroziliklar keltirib chiqardi. Kimlardir deportatsiyadan, yana kimlardir esa qo‘shni Bangladeshdan muhojirlar yopirilib kelishidan xavotirlanmoqda.

Eng jiddiy namoyishlar Assam shtatida bo‘lib o‘tdi. The Times of India gazetasining yozishicha, 12 dekabr kuni shtat poytaxti Guvaxatiga qo‘shinlar kiritilgan. Assam bilan qo‘shni bo‘lgan Tripura shtatiga ham qo‘shimcha kuchlar olib kirilgan.

Nyu-Dehlining ayrim rayonlarida politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan.

Politsiyaning aytishicha, talabalar uylarga toshlar uloqtirishgan, mahalliy kasalxona derazalarini sindirishgan. O‘nlab avtomobillar, mototsikl va mopedlarga zarar yetkazilgan. Bir nechta avtobus yoqib yuborilgan. Ma'lumot berilishicha, asosiy tartibsizliklar ko‘proq musulmon talabalar tahsil oladigan Jomiya Milliya Islomiya universiteti atrofida yuz bergan.

Talabalarning norozilik namoyishlari Haydarobod va Banorasda ham bo‘lib o‘tgan. Aligarx musulmon universiteti (Aligarx shahri, Uttar-Pradesh shtati) talabalari ham ko‘chalarga chiqqan va politsiya bilan to‘qnashuvlar sodir etgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top