15:50 / 16.12.2019
3
36768
«Human» agentligi rahbari ustidan sud jarayoni boshlandi
Oliy sud matbuot xizmati

Bugun, 16 dekabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida «HUMAN xususiy bandlik Agentligi» MChJ rahbari Shohnur Fayzullayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Kun.uz’ga Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar berdi.

«Sudlanuvchi Sh. Fayzullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandi, 179-moddasi (soxta tadbirkorlik), 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi, 192-11-moddasi 2-qismi «a» bandi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilish), 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi «a» bandi va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan «HUMAN xususiy bandlik agentligi» MChJning rahbari Sh. Fayzullayev va boshqalar respublikamiz viloyatlarida vakolatxonalar tashkil etib, jamiyat tashkil topgan kundan 2019 yil 13 sentyabrga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida fuqarolarni Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Bolgariya va Litva davlatlariga ishga joylashtirishni va'da qilib, har bir fuqarodan taklif etilgan ishdan kelib chiqqan holda 6 300 000 so‘mdan 35 000 000 so‘mgacha pullarni agentlikning bank hisob raqamiga to‘lash yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ushbu fuqarolarni hech qayerga yubormasdan, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishgan.

Bundan tashqari, Sh.Fayzullayev o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, boshqa shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, tuzilgan jinoiy reja asosida «HUMAN xususiy bandlik agentligi» MChJni tashkil etib, AKIB «Ipoteka bank» Yakkasaroy filialidan jamiyat hisob raqamini ochib, g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish maqsadida, tovarlar savdosi qoidalarini juda ko‘p miqdorda buzib, 143 080 000 so‘m pul mablag‘larini korxonaning buxgalteriya hisob registrlarida tegishli tartibda aks ettirmasdan, belgilangan tartibda bank muassasasiga topshirmagani, jamiyatning birlamchi buxgalteriya hujjatlarini yashirib, nobud qilib, hujjatli tekshiruvga taqdim qilmagani, jinoiy yo‘l bilan topilgan pullarning kelib chiqishiga qonuniy tus berishga erishgani, soxta tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, o‘z mansab vakolatidan qasddan foydalanib, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga juda ko‘p miqdordagi zarar yetkazgani aniqlangan», deyiladi xabarda.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan olib borilgan.

Jinoyat natijasida 1 198 nafar fuqaroning manfaatlariga zarar yetkazilgan.

Jinoyat ishi doirasida 5ta ko‘chmas mulk va 5ta avtotransport vositasi xatlangan.

Jabrlanuvchilar ko‘pligi va turli hududlardan bo‘lgani bois, ularni sud majlislarida ishtirok etishini yashash joylaridagi sudlar binolarida o‘rnatilgan videokonferensaloqa tizimi orqali ta'minlash rejalashtirilgan.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayrulla Rahmonov raisligida ko‘rib chiqilmoqda. Sud jarayoni davom etmoqda.

Avvalroq Human xususiy bandlik agentligi rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakunlangani hamda ularga nisbatan ikkinchi jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top