16:17 / 16.12.2019
0
18518

O‘zbekiston fuqarolariga 85ta davlatda ishlash huquqini beruvchi malaka pasporti berilishi mumkin

Bugun, 16 dekabr kuni, «Ishga marhamat» monomarkazida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Uzbekistan Skills ishchi kasblar ochiq chempionati tashkil etildi. Ochilish marosimida hukumat vakili sifatida moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, «WorldSkills International» assotsiatsiyasi prezidenti Yos de Goy qatnashdi. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Erkin Muhitdinov ushbu tanlovning ahamiyati va assotsiatsiyaga a'zolik masalasi xususida to‘xtalib o‘tdi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

«2019 yil 28 avgustda Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish milliy assotsiatsiyasi – World Skills Uzbekistan tashkil etildi. Uning doirasida I ishchi kasblar chempionati o‘tkazilmoqda. Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston jamoalari 10ta kasb yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro musobaqaga kirishdi. Ushbu musobaqa World Skills xalqaro assotsiatsiyasiga a'zo bo‘lishimizda muhim qadam vazifasini o‘taydi. Ishtirokchilar World Skills talablari asosida baholanadi.

Assotsiatsiyaga a'zo bo‘lish bizga nima beradi? World Skills imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlar «skills passport» (malaka pasporti)ga ega bo‘lishadi va bu hujjat fuqarolarimizga ayni vaqtda World Skills tarkibiga kiruvchi 85ta davlatda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ishga joylashish imkoniyatini beradi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib assotsiatsiya tarkibiga kirish bo‘yicha harakatlarni amalga oshirmoqda», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Muhitdinovning ta'kidlashicha, joriy yilning 24 avgustida O‘zbekiston delegatsiyasining World Skills International prezidenti bilan uchrashuvi chog‘ida vazirlik tomonidan a'zolik bo‘yicha ariza kiritildi. O‘zbekistonning ushbu harakatga qo‘shilishida ko‘maklashish uchun Rossiya Federatsiyasining «WorldSkills Russia» belgilandi va hamkorlikda «WorldSkills International» standartlariga javob beruvchi malakani baholash markazlari va malakani mustaqil baholovchi tizim ishga tushishi rejalashtirilgan.  

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top