15:26 / 16.12.2019
0
3007

Sog‘liqni saqlash tizimidagi ma'lumotlar elektronlashtirilmagan – Davlat xizmatlari agentligi rahbari

Ayrim joylarga ishga kirishda talab etiladigan psixonevrologik, narkologiya va teri-tanosil dispanserlari tomonidan beriladigan ma'lumotlarni davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etish masalasi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan bir yil oldin ko‘tarilgan. Biroq agentlik direktori Xalilillo To‘raxo‘jayevning aytishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu tizimda integratsiya yetarlicha amalga oshirilmagani sababli haligacha bu masalaga yechim topilmagan.

«Bu masalani allaqachon ko‘targanmiz. Bungayam bir yilcha bo‘ldi. SSV tomonidan dispanserlarning integratsiyasi amalga oshirilmagani sababli ishlar to‘xtab qolgan. Haligacha bu borada elektron baza shakllantirilmagan. Respublikamizdagi davlat idoralari bilan bog‘liq eng katta muammo bu – elektron bazaning shakllanmaganidir. Psixonevrologik, narkologiya va teri-tanosil dispanserlari tomonidan beriladigan ma'lumotlarni davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yilsa, xalqimizga juda katta yordam bo‘lardi. Hozircha bu bo‘yicha ishlayapmiz. Menimcha, 2020 yilning mart oylarida buni ishga tushiramiz», deya Xalilillo To‘raxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat xizmatlari agentligi direktori o‘rinbosari No‘'mon Muhammadiyev bu masala atroflicha o‘rganib, tahlil qilinganini ta'kidladi. Uning aytishicha, dispanserlar tomonidan hisobga olish tartibi haligacha qog‘oz ko‘rinishida bo‘lib, ma'lumotlar bazasi to‘liq elektronlashtirilmaguncha, barcha ma'lumotlar elektron raqamlashtirilmaguncha, ushbu xizmatni davlat xizmatlari markaziga o‘tkazib bo‘lmaydi.

«Bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan ish ketyapti. Prezidentning tegishli 4193-sonli qarori chiqdi. Qarorda juda ko‘p masalalar, jumladan, dispanserlarda hisobda turadiganlar haqidagi ma'lumotlarni elektron ko‘rinishga o‘tkazish ko‘rsatib o‘tilgan va buning uchun ikki yil muddat berilgan. Qog‘ozlardagi ma'lumotlar elektron ko‘rinishga o‘tkazilgandan keyin mazkur ma'lumotlarni berish davlat xizmatlari markazlari o‘tkaziladi», deydi No‘'mon Muhammadiyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi «Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida»gi 4193-sonli qarorida sog‘liq holati to‘g‘risida ma'lumotnoma taqdim qilish zaruriyatini bekor qilish, sog‘liq elektron kartalarini yuritish bo‘yicha axborot tizimini yaratish va joriy qilish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida ishtirok etadigan tibbiyot muassasalarining barcha obektlarini zamonaviy kompyuter texnikasi va boshqa texnik vositalar (qurilmalar) bilan jihozlash, shuningdek optik tolali aloqa kanallariga ulashni ta'minlash, sog‘liq holati (shu bilan birga dispanserlarda ro‘yxatda turganligi) haqidagi ma'lumot beruvchi veb-servis ishlab chiqish va idoralararo ma'lumot almashinuvi platformasiga ulash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan axborot va ma'lumotlarning elektron bazalarini shakllantirish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda foydalaniladigan tegishli axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini taqdim qilish ko‘zda tutilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top