22:24 / 17.12.2019
5
36729
Davlat tashqi qarzi o‘sishi yaxshimi yomonmi? - Moliya vaziri o‘rinbosari bilan suhbat

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov bilan «Davlat qarzi va iqtisodiy taraqqiyot» mavzusida suhbat uyushtirdi. Vazir o‘rinbosari intervyu davomida xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan bugungi kunda O‘zbekistondagi islohotlarga qanday yordam ko‘rsatilayotgani hamda bugungi kunda O‘zbekiston olayotgan katta qarzlar kelajakda qanday qaytarilishi haqidagi savollarga javob qaytargan.

— Sizningcha, XVF va Jahon banki O‘zbekistonning hozirgi islohotlariga yetarlicha yordam beryaptimi? Berilayotgan moliyaviy yordam kamdek ko‘rinmayaptimi? Biz ko‘p pul so‘ramayapmizmi yoki ular bermayaptimi?..

— Mening nazarimda yetarlicha yordam berilyapti. Asosiy yordam - texnik ko‘mak bo‘lmoqda. Ayniqsa Xalqaro valuta jamg‘armasi tomonidan fiskal va monetar siyosat uchun ko‘rsatilayotgan ko‘mak bizdagi tizimni, metodologiyani, insonlarning ko‘nikmalarini oshirishga yordam beradi. Jahon banki ham texnik ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Qolaversa, moliyaviy ko‘mak ham berilmoqda. Xususan, 2019 yilda berilgan kredit summasi bo‘yicha mintaqada (Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo) Turkiyadan so‘ng ikkinchi o‘rinda turamiz. Hozirda O‘zbekistonga yordam berish borasida Jahon banki Osiyo taraqqiyot bankidan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi va uning yordam portfeli miqdori shu paytgacha bo‘lgan vaqt davomida 3 mlrd dollarga yetib qoldi. Bu - loyihalarning o‘zlashtirilgan qismi. Loyihalar jami 6-7 milliard dollardan ko‘p. Osiyo taraqqiyot banki esa 4 mlrd dollarga yaqin. Bu ham o‘zlashtirilgan qismi.

Bu katta summa. Bizning YaIM 2018 yilda 50 milliard dollar, 2019 yilda 60 milliard dollar. 3 milliard dollar O‘zbekiston YaIMining 5 foizi deganidir. Shu tomondan qaraganda bu katta summa. Biz 10 milliard dollar qarz olishimiz ham mumkin, lekin birinchi navbatda sifatga e'tibor berishimiz muhim.

— Davlat moliyasida pul ko‘proq bo‘lgani yaxshimi yoki yo‘qmi? Negaki, AQShda konservativ iqtisodchilarda davlatda keragidan ko‘p pul bo‘lsa, bu yomon ishlarni boshlab yuborishi mumkin degan tushuncha bor. AQSh kontekstida bu urush va hokazolarni anglatadi. Rivojlanmagan mamlakatlarda pul ko‘payib ketishi korrupsiya urchishi, har xil saroylar qurilishiga olib keladi. Shu ma'noda, hozir bizda pul ko‘p bo‘lsa, uni qayerga ishlatishni bilamizmi, yoki bizda pul ko‘p bo‘lmagani ma'qulmi?

— So‘nggi uch yilda investitsiyalar hajmi oshdi, kreditlar olinishi ham oshdi. Bu ma'lumotlar oshkor qilib kelinmoqda. Umuman olganda raqamlar ancha yuqori. Masalan, davlat qarzini aytadigan bo‘lsak, davlat kafolatlagan qarzi va davlat to‘g‘ridan-to‘g‘ri olgan qarzi 2019 yil 1 iyul holatiga ko‘ra 13,174 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu YaIMga nisbatan 23,2 foiz. Bu ko‘p emas, mo‘'tadil. Lekin o‘tgan yil oxirida 9,8 mlrd dollar edi. Demak, 6 oy mobaynida davlat olgan kreditlar miqdori 3,4 mlrd dollarga o‘sdi.

Davlat moliyasida iloji boricha kerakli loyihalarga yetarli pul bo‘lishi kerak. Bizda hozir yetarli. Loyihalarning soni, hajmi emas, sifatga e'tibor qaratish kerak. Hozir 10 milliard dollarni olib, uni birdaniga ishlatib bo‘lmaydi. Har bir narsaning ichiga kirib chiqish kerak, yetti o‘lchab bir kesish kerak, qarzga olingan har bir dollarga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak.

— O‘zbekiston jamoatchiligida shunday fikr bor - qarz yomon narsa. Ya'ni, qarz o‘sishini mamlakat iqtisodidagi muammolardan darak deb hisoblashadi. Siz davlat tashqi qarzi o‘sishi haqida nima deysiz? Bu yaxshimi yomonmi?

— Birinchi navbatda qarz nimaga ishlatilishiga e'tibor qaratish kerak. Shu paytgacha biz tashqi qarzni iste'mol uchun ishlatganimiz yo‘q, budjet defitsitini qoplash uchun ishlatmayapmiz. Biz tashqi qarzni asosan investitsiya loyihalariga ishlatyapmiz. Bu loyihalar ish o‘rinlari tashkil qiladi, bu yalpi ichki mahsulot o‘sishiga ta'sir qiladi, kerak bo‘lsa eksport o‘sishiga ta'sir qiladi.

Birinchi yarim yillikda 13,1 milliard dollarlik tashqi qarz bo‘lgan bo‘lsa, buning deyarli yuz foizi investitsiya loyihalariga jalb qilingan.

— Davlat qarz oldi. Masalan, XVFdan emas, Jahon bankidan. Maktablar qurdi. Bu iste'molmi yoki investitsiyami? Masalan, Jahon bankidagilar maktab qurishni, shifoxonalarni ta'mirlashni, yo‘l infratuzilmasini yaxshilashni inson kapitaliga investitsiya deyishadi. Siz aytayotgan zavod yoki boshqa qurilishlar uchun qarz olish - ko‘proq iste'molga o‘xshayapti. Chunki uning manfaatdorlari cheklangan doiradagi insonlardir. Undan ko‘ra pul budjetga ishlatilgani yaxshiroqmasmi?

— Albatta, ijtimoiy loyihalarga ham kreditlar olib ishlatilyapti. Masalan, yo‘l qurishga, ichimlik suvi chiqarishga. Investitsiyalar dasturi bo‘yicha ishlar qilinyapti. Iste'mol va investitsiya orasidagi chiziq hamisha to‘g‘ri chiziq bo‘lmaydi.

Aytmoqchimanki, olingan kreditlarning aksar qismi loyihalarga jalb qilindi, ya'ni kredit olinib, davlatning turli xarajatlari ishlatilmadi. Men ko‘p davlatlarda ishlaganman, 4-5 foizgacha budjet defitsitlari kuzatilgan. Sababini so‘rasangiz, bu ko‘p hollarda ijtimoiy xarajatlar bilan bog‘liq. Maktab qurish, suv chiqarish yoki shifoxona qurish ijtimoiy xarajatlardir.

O‘zbekistonda 2019 yilda YaIM qariyb 60 milliard dollar bo‘lsa, YaIM jon boshiga 1800-1850 dollar bo‘ladi. O‘tgan yili 1500 dollar bo‘lgandi. Bir yil ichida 10 milliard dollarga o‘sadi.

Aytmoqchimanki, ijtimoiy infratuzilmani juda yaxshi saqlab turgan hukumatlardan biri hisoblanamiz. YaIM kishi boshiga 1800 dollar to‘g‘ri keladigan boshqa mamlakatlarga borib ko‘rsangiz, ulardagi sharoit bizdagidan katta farqni ko‘rish mumkin.

— Qarzni hukumatdagilar oladi. Lekin loyihalarni tuzgan odamlar bir kun kelib ishdan ketishi mumkin va qarz xalqning bo‘ynida qoladi. Bolalarimiz to‘lamaydimi keyin u qarzni?

— To‘ppa-to‘g‘ri. Xalq to‘laydi. Lekin bitta narsani bilishimiz kerak. Hozirgi islohotlar. Juda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Nafaqat iqtisodiyotda, balki boshqaruv sohasida, ta'lim sohasida, tashqi siyosatda. Islohotlar esa xarajatsiz bo‘lmaydi.

Boya Polshani misol qilib keltirdingiz. 90-yillarda katta qarz olgan. 30 milliard dollar. Hozir Polshaga borib ko‘ring, rivojlangan mamlakatlardan kam joyi yo‘q. Chunki o‘sha paytda to‘g‘ri islohotlar qilingan, xalqaro moliya institutlaridan, XVF, Jahon bankidan, Osiyo taraqqiyot bankidan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan ko‘p yordam olgan, nafaqat moliyaviy, balki katta texnik ko‘mak olgan. Bu investitsiyalar oqimiga ijobiy ta'sir qilgan. Natijada, Polsha 20-25 yil ichida yirik iqtisodiyotga aylandi va o‘z iqtisodiyotini to‘liq isloh qilishga o‘rgandi.

Hozir Polshaning qarzi qancha? Bu YaIMning 50 foiziga teng. Polshaning YaIMi 500 milliard dollar. Demak, ularda 250 milliard dollar qarz bor. Ko‘p qismi 5 yillik, 10 yillik, 30 yillik.

Avvalo ishonch kerak, mana shu islohotlar 10 yildan keyin yalpi ichki mahsulotimiz 2 baravar o‘sishiga olib kelsa, jon boshiga YaIM 1,5 baravar oshsa, biznes iqlim yaxshilansa, iqtisodiyotimizdagi ko‘p islohotlar meva bera boshlasa, ta'lim yaxshilansa, sog‘liqni saqlash sohasi yaxshilansa, nima uchun qarzlarni kelajak avlod to‘lamasligi kerak? Polshadan boshqa misollar ham bor. Barchasi to‘g‘ri yo‘naltirilsa, kelajakda holat albatta yaxshiroq bo‘ladi.

Biz 10 yilda, 15 yilda shunday respublikani yarata olsak, islohotlar mevasini bersa, qarzimiz o‘sishda davom etsa ham, 50 milliard dollarga yetsa ham, iqtisodiy salohiyatimiz ham ikki barobar oshsa, 120-130 milliard dollarlik iqtisodiyotni yarata olsak, nima uchun bundan qo‘rqishimiz kerak?

Korrupsiya omilini ham inkor qilmasligimiz kerak. Barcha loyihalar amalga oshirilishi doimiy nazorat ostida bo‘lishi kerak. Bu judayam muhim omil. 

Mening nazarimda qarz o‘sishidan jiddiy xavotirlanishga o‘rin yo‘q.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top