17:35 / 17.12.2019
0
26687

«Toshshahartransxizmat» boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etildi

Toshkent shahar hokimining 2019 yil 16 dekabrdagi qarori bilan «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruvida o‘zgarish yuz berdi.

Poytaxt hokimligi xabariga ko‘ra, «Toshshahartransxizmat» boshqaruvi raisi vazifasida ishlab kelgan Mohir Valiyev lavozimidan ozod etildi. 

Mohir Valiyev

Ma'lumotda aytilishicha, ushbu lavozimga tayinlov bo‘lguniga qadar «Toshshahartransxizmat» boshqaruvi raisi vazifasini bajarish Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i A. Jo‘rayev zimmasiga yuklatildi.

A. Jo‘rayev

Eslatib o‘tamiz, quyidagilar «Toshshahartransxizmat» faoliyati asosiy vazifalari etib belgilangan:

kompaniya tarkibiga kiruvchi mulkchilik shaklidan qat'iy nazar korxona va tashkilotlar aholining shahar yo‘lovchi tashish transportining yuqori sifatli xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini mukammal qondirishiga, shuningdek ular ishning samaradorligi hamda moliyaviy barqarorligini oshirishga yo‘naltirilgan faoliyatini muvofiqlashtirish;

yo‘lovchi tashish xavfsizligini va yo‘lovchilarga yuksak darajadagi transport xizmati ko‘rsatilishini, jamoat transporti qatnovlarida transport vositalari harakatlarining bir maqomda bo‘lishini, belgilangan harakat jadvallariga va intervallariga rioya etilishini ta'minlash;

axborot–kommunikasion texnologiyalarini harakat tarkibining navigatsion nazorat tizimini (GPS) keng joriy etish usulida, transport vositalarini qayd etuvchi elektron terminallar o‘rnatish, qatnov yo‘llarida dispetcherlik boshqaruvi xizmati darajasini oshirish usulida online rejimida tashkil etish;

transport vositalaridan foydalanishning yagona texnik siyosati va talablarining joriy etilishi, har tomonlama qulay, zamonaviy transport vositalarining saqlanishi, ularni ehtiyot qilib, maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan doimiy monitoring olib borish, sutkaning turli soatlarida yo‘lovchilar oqimini hisobga olgan holda ko‘p o‘rinli va o‘rta sig‘imli avtobus qatnovlarini oqilona uyg‘unlashtirish, transport vositalarini ta'mirlash va ularga servis xizmati ko‘rsatilishi infratuzilmasini rivojlantirish;

transport korxonalarini yuqori malakali kadrlar bilan, birinchi galda haydovchilar tarkibi, transport vositalarini ta'mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi mohir ustalar bilan majmualash, ularning malakasini tizimli ravishda oshirish, shahar yo‘lovchi tashish transporti xodimlarini moddiy hamda ma'naviy rag‘batlantirishning samarali tizimini joriy etish.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top