13:38 / 18.12.2019
1
41443

«Genetik tahlil o‘zbek xalqi tarixiga yangicha qarash» - yil olimasi Dilbar Dolimova bilan suhbat

Bundan bir necha kun avval Scopus statistikasi bo‘yicha yil davomida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik yetakchi olimlar «Scopus award - 2019» mukofoti bilan taqdirlangan edi. Kun.uz tahririyati ushbu marosimda «Women in Science» mukofotiga loyiq ko‘rilgan olima, Biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim Dilbar Dolimova bilan suhbat uyushtirdi.

Dilbar Dolimova Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi biotexnologiya laboratoriya mudiri hisoblanadi. Suhbat davomida olima ilmiy faoliyati, e'tirofga sazovor bo‘lgan tadqiqot ishlari, shuningdek, ilm-fan yo‘lida qilinayotgan yaxshi o‘zgarishlar bilan bir qatorda, ba'zi nuqson va kamchiliklar haqida ham aytib o‘tdi.

Nufuzli mukofot bilan taqdirlanishingizga olib kelgan tadqiqotingiz nima haqda bo‘ldi?

— Bu olgan mukofotim bir necha yildan beri olib borayotgan ilmiy tadqiqotimiz natijasi hisoblanadi. Buning natijasi o‘laroq, Turdiqulova Shahlo bilan birgalikda juda yuqori reytingga ega bo‘lgan Nature kabi ilmiy jurnallarda maqolalar e'lon qildik.

2009 yilda boshlangan bu ish ko‘p yillik mehnat samarasi bo‘ldi. Bu katta masshtabdagi loyiha desam bo‘ladi. Ya'ni, dunyo bo‘ylab 40ga yaqin davlatda odamlarning qon analizi orqali genetik shajarasi o‘rganildi. Masalan, Ukraina, Belarus, Gruziya va hokazo.

Tarixdan bilamizki, hududimiz orqali qadimda Buyuk ipak yo‘li o‘tgan, qolaversa, urush va bosqinlar ko‘p bo‘lgan. Tabiiyki, shuning hisobiga xalqimiz qonida ko‘p aralashuv bo‘lgan. Biz loyiha doirasida o‘zbeklarni va O‘zbekistonda yashaydigan turkmanlarni o‘rgandik hamda tahlil qildik. Qayerdan qayerga qarab genetik xilma-xillik ko‘chgan, biz kimga yaqinroqmiz yoki uzoqmiz — shu kabi savollarga javob topishga harakat qildik.

— Tadqiqotda eksperiment sifatidagi ishtirokchilarni qanday tanlab olgansiz?

— Biz tadqiqot uchun biologik material – qon yig‘dik. Albatta, bu ularning roziligi va anketa to‘lishi bilan amalga oshdi. Hozircha faqat Toshkentda yashaydigan, millati o‘zbek bo‘lgan erkaklardan qon yig‘ildi. Chunki «u» xromosoma orqali analiz tahlil qilindi. Bundan tashqari, ularning uchta avlodi o‘zbek bo‘lishi kerak edi. Shundan DNK ajratilib genetik tahlil qilindi.

Biz boshqa hududlarni olishga imkonimiz bo‘lmadi, yuqorida aytdim, bu juda murakkab analiz. Albatta, niyatimiz borki, keyinchalik boshqa viloyatlardan ham namunalar yig‘ib tadqiqotni davom ettiramiz.

— Tadqiqotning natijasi qanday bo‘ldi? Qiziqarli faktlarga duch kelindimi?

— Natijalar qiziq, ba'zilar tarixini: qayerdan kelgani, qaysi oiladan kelib chiqqani haqida ham aytib berdi. Lekin bu har doim ham to‘g‘ri bo‘lib chiqmadi. Tahlillarda Sibirdan kelib chiqqan izlarni ham ko‘rdik. Qadimda mo‘g‘ullar Markaziy Osiyoni bosib olgan va shuning izlari albatta qolgan. Oltoy tomondan kelib chiqish izlari ham topilgan.

— O‘zbek xalqi 92 urug‘dan iborat. Tadqiqotda shu narsaga ham e'tibor berildimi?

— To‘g‘ri, shunaqa deyishadi, o‘zbeklar 92 urug‘ ekani aytiladi. Lekin biz tadqiqotimizda, qo‘pol aytganda, klasterga bo‘ldik. Klasterlarda kelib chiqishiga, qanaqa qon aralashganiga, geografik joylashishiga e'tibor qaratildi.

Tahlil qilayotganimizda, «u» xromosoma analizidan bilish mumkinki, eksperimentdagi odamning avlodlarida qanday aralashuvlar bo‘lganini, migratsiya yo‘llarini aniqladik.

— Bu ish kelajakda yana davom etadimi?

— Albatta, buni davom ettirishga harakat qilamiz. Chunki buni bizning tariximizga, kelib chiqishimizga yangi ko‘z bilan qarash deb aytish mumkin. Hozirning o‘zida juda ko‘plab xohlovchilar bor. Bu haqda eshitgan odamlar qiziqish bildirishi tabiiy. O‘zining kelib chiqishi hammaga qiziq bo‘lsa kerak.

— O‘zingizni bundan ham samarali ishlashim mumkin deb hisoblaysizmi? Sizningcha, qanday cheklovlar bor?

— Ilmiy xodimlar, menimcha bundan ham samarali ishlashi mumkin. Hozirgi kunda e'tibor boshqacha: masalan, oyliklar oshgan, yosh olimlarga keng imkoniyatlar ochilgan, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi fond orqali stajirovkaga borishi mumkin yoki ilmiy ishini chetda davom ettirishi mumkin.

Lekin boshqa tomondan, yaqinda Xitoyga borib keldik va havas qilgan tarafim - laboratoriyada hech qanday muammo yo‘q. Kerakli moddalar yoki reaktivlarning hammasi bor. Ya'ni, ishlasang bo‘ldi. Xohlasang ertalab ishlaysan, xohlasang — kechasi.

Menimcha, ilmiy tadqiqot institutlariga, ilmiy markazlarga, OTMga boshqacha munosabat qilinishi kerak.

Deylik, bugun bitta modda tamom bo‘lsa buyurtmasini yozadi, ikki kunda shu narsa laboratoriyasiga keladi va ish davom etadi. Bizning ishda eksperimentlar to‘xtab-to‘xtab qilinsa, ish natijadorligi pasayadi.

Yaxshi niyatlar bilan birjani tashkil etishgan, lekin bu kutilganidek ishlamaydi. Biz laboratoriya uchun biror narsa oladigan bo‘lsak, kamida, ikki oy vaqt ketadi. Bundan tashqari, markazimizda zamonaviy priborlar, masalan, genetiklar ishlatadigan sikvenator bor. Shu apparat juda katta aniqlikda ishlaydigan kompyuterni talab etadi. Biz uni buyurtma qiladigan bo‘lsak, bizga go‘yoki tavsiya keladiki, bu juda qimmat, boshqachasini olsanglar bo‘ladi. Men uchun bunday gap-so‘zlar ortiqcha va erish narsalar. Nima uchun men ularga shu darajadagi kompyuter lozimligini tushuntirib berishim kerak?! Bu superkompyuter emas, kompyuter, lekin kuchlirog‘i.

Yoki yana bir misol, laboratoriyada pipetmanlar ishlatamiz. Ularning ham har xili bo‘ladi. Laboratoriyada ishlaydigan xodimlarim biladi qaysisi biz ishlatishimizga yaxshiroq. Bu yerda gap qimmatini olaman degan ma'noda emas, bu tadqiqot natijasi sifatli chiqishiga ta'sir qiladi.

Albatta, shu kabi to‘siqlar ijobiy hal etilsa, yoshlarimiz yana-da ishtaha bilan ishlashardi.

— Laboratoriyaga yoshlarni qanday prinsiplar asosida shogirdlikka tanlab olasiz?

— Birinchi prinsipim desam ham bo‘ladi, xodimlarni asosan yoshlardan olamiz. Negaki, yoshlarning dunyoqarashi, internet orqali turli bazalar bilan informatsiya bilan ishlashi boshqacha. Ikkinchidan, xodimlar laboratoriyaga tanlab olinadi. Qaysi ma'nodaki, uning diplom ilovasidagi yuqori baholar qiziq emas, muhimi ishlashni, o‘rganishni xohlasa, «ko‘zi yonib tursa» bo‘ldi. OTMlar bo‘yicha cheklovlar ham yo‘q: u Milliy universitet talabasimi, Tibbiyot akademiyasimi, Agrarmi, Kimyo-texnologiyami — farqi yo‘q.

Lekin shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tishim kerak, bizda hozir oliy ta'lim qoniqtiradigan darajada emas. Talabalar bilan ko‘p ishlayman, juda iqtidorlilari ancha. Afsuski, OTMga kirishdan boshlab, bitirguncha qiyinchilik bilan o‘tadi. Sabablaridan biri professor-o‘qituvchilar aksari eski zamonda qolib ketgan. Metodlari ham eski, yangi uskuna olinganda ham ishlashni bilishmaydi. Leksiyalar ham oldingi, yangilik yo‘q. Maksimum proyektorni qo‘yib ma'ruza o‘tadi, go‘yoki eng zo‘ri shu.

Lekin Germaniya, Daniya va boshqa chet davlatlarga chiqib kelayotgan yoshlar keyin ularga ishonadimi? Biz intiladigan narsa juda ko‘p va ta'lim tizimimiz eng nochori bo‘lsa kerak.

— Biror olimning familiyasi Dolimov bo‘lsa, beixtiyor, surishtirging keladi. Bu tasodifmi?

— Men Dolimovlarga kelin bo‘lib tushganman. Kelin bo‘lib tushganimdan boshlab shu oilaga, shu familiyaga loyiq bo‘lishga harakat qilganman. Hozirda uchinchi avlod shu ilm-fan bilan hayotini bog‘lagan. Subutoy Dolimov, No‘'mon Dolimovdan boshlab, Milliy universitetni bir necha yil boshqargan rektor To‘rabek Dolimov kabi katta olimlar shu familiyaga aloqador. Ilm-fanga kirib kelayotganimda o‘zimga shu shajaraga munosib bo‘laman va farzandlarim ham buni ko‘rib intilsin degan maqsad qilganman.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top