12:05 / 18.12.2019
8
14779

«Maktabni bitirgan bola ishli bo‘lsa Rossiyaga ketmaydi» - Sherzod Shermatov xizmatlar eksporti bo‘yicha takliflar berdi

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonning geografik joylashuvidan kelib chiqib, xizmatlar eksportiga ko‘proq e'tibor qaratilishi kerak deb hisoblaydi. Bu haqda u «Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar» tok-shousining 18 dekabr kungi sonidan keyin Kun.uz muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

«O‘zbekistonning geografik joylashuvidan kelib chiqadigan bo‘lsak, O‘zbekiston «double landlocked» davlat, ya'ni okeanga chiqish uchun kamida ikkita davlatni kesib o‘tish kerak. Endi bu davlatlar qo‘shtirnoq ichida gapiradigan bo‘lsa, «juda tinch davlat», masalan, Afg‘oniston, Pokiston. Yoki Qozog‘iston, Rossiyaga o‘xshagan «juda kichkina davlatlar». Ya'ni istalgan katta hajmdagi eksportimiz qimmatga tushadi. Mahsulotlarning transport xarajatlari oshib ketadi. 

Shuning uchun biz nima qilishimiz kerak?

Ko‘proq xizmatlar eksportiga e'tibor qilishimiz kerak. Masalan, IT-xizmatlar deymiz, yoki boshqa xizmatlar – bular o‘zining transport xarajati deyarli yo‘q. Ana shuning uchun bu narsaga e'tibor qaratishimiz kerak.

Ikkinchisi – ingliz tili. Xorijiy tilni bilganingizdan keyin albatta eksportingiz oson bo‘ladi. Mana prezidentimiz IT-parkka bordilar. U yerda O‘zbekiston kompaniyalari Amerikaga eksport qilyapti. Unga oliy ma'lumot ham kerakmas. Hozir maktablarimizda ularning tayyorlov bazalarini ochish bo‘yicha ham ishlayapmiz. 

Ya'ni, bola ingliz tili va kompyuterda ishlashni bilsa, bemalol u o‘sha ishga kirganidan keyin kamida 400-500 dollarlik ish topishi mumkin. Masalan, maktabni bitirgan bola 300-400 dollar topadigan bo‘lsa ham u ana shu yerdan turib, bemalol xizmatini ko‘rsatishi mumkin. U Rossiya yoki Qozog‘istonga ketaman deb o‘ylamaydi», deydi Sherzod Shermatov.

Vazir yangi parlamentdan budjetni tasdiqlash jarayonida «budjetning ichiga ko‘proq kirish» va ta'limga ko‘proq e'tibor qaratishni kutayotgani haqida ham gapirdi.

«Yangi parlamentdan budjetni tasdiqlash jarayonida «budjetning ichiga ko‘proq kirish»ni kutyapmiz albatta. Oxirgi parlamentda juda bir ijobiy holat bo‘ldi. Parlamentdagilar «e, maktabga ajratilayotgan pul kamku, maktablarni jihozlashda juda ko‘p muammolar bor – parta yetishmaydi, doska yetishmaydi, kelinglar, juda bo‘lmasa, 50 milliard so‘m qo‘shimcha ajrataylik» deyishdi. Bu tarixiy holat bo‘ldi. Bunday qarasangiz, 18 trillionlik ta'lim tizimi uchun 50 milliard unaqa kattamasdir. Lekin tarixiy pretsedent bo‘ldi. 

Mana shu pretsedentni umid qilaman, keyingi parlament ham ko‘rib, «ta'limda 6 milliondan ortiq o‘quvchimiz bor ekan, bir o‘quvchi boshiga mana buncha pul to‘g‘ri kelyapti. Yaxshi ta'lim deyapmiz. Yaxshi ta'lim xususiy maktabda ham bir o‘quvchi o‘rniga mana shuncha bo‘lib turibdi. Bir necha baravar farq qilyapti. Qani, endi qo‘shimcha yana qayerdan harakat qilsak bo‘ladi, deb doimiy muhokamada bo‘ladigan narsa.

Chunki ustuvorliklar ko‘p. Shunda parlament muhokama qilib, ustuvorliklarni aniqlab, masalan, biz ta'lim sohasi bo‘lganimiz uchun albatta ta'lim sohasiga ko‘proq bo‘lishini xohlaymiz. Lekin xuddi shunday boshqa odamlar yo‘lni xohlashi mumkin, suv muammosi bor. Shuning uchun oson bo‘lmaydi. Lekin biz o‘zimizning sohamiz nuqtayi nazaridan parlamentda ta'limga ko‘proq e'tibor qaratilsa, minnatdor bo‘lar edik», deydi Sherzod Shermatov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top