18:50 / 18.12.2019
5
79847

Manba: Yunusoboddagi avariya joyidan 3 kishining jasadi chiqdi

Foto : KUN.UZ

Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishi qurilishi vaqtida ro‘y bergan yer o‘pirilishi hodisasi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi. Bu haqda Kun.uz’ga ichki ishlar vazirligi tizimidagi manba ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, avvalroq tuproq ostidan ikki kishining jasadi chiqarib olingandi, qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yana bir kishining jasadi topilgan.

Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, Yunusoboddagi avariya oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgan. Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov raisligidagi komissiyaga sodir bo‘lgan hodisa sabablarini va oqibatlarini joyida o‘rganish, hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a'zolariga yordam ko‘rsatish hamda boshqa bir qator vazifalar yuklangan.

Bugun, 18 dekabr kuni soat 10:00 atrofida Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishi qurilishining ochiq uchastkasida tuproq o‘pirilishi ro‘y berdi. Hozircha tuproq ostida jami necha kishi qolib ketgani haqida ma'lumot yo‘q.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi yaqin vaqtlar ichida hodisa oqibatlari haqida rasmiy ma'lumot berishi kutilmoqda.

Mavzu
Yunusoboddagi fojia
18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi ro‘y berib, 6 nafar ishchini tuproq bosib qoldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top