02:25 / 19.12.2019
0
6730

Boliviya prokuraturasi Evo Moralesni hibsga olishga order berdi

Boliviya prokuraturasi mamlakatning sobiq prezidenti Evo Moralesni hibsga olishga order berdi. Mamlakat ichki ishlar vaziri Arturo Murilo Twitter sahifasida ushbu hujjatning fotosuratini e'lon qildi.

Hujjatga ko‘ra, sobiq prezidentni isyonga da'vat qilish, terrorizm va terrorizmni moliyalashtirish bo‘yicha jinoyat ishi doirasida hibsga olishga qaror qilingan.
Evo Morales va Boliviyaning boshqa yuqori lavozimdagi rahbariyati shu yilning 10 noyabrida prezidentlik saylovlarining bahsli natijalari tufayli 19 kun davom etgan siyosiy noroziliklardan keyin iste'foga chiqqandi. 

Mamlakatda Senat spikerining ikkinchi o‘rinbosari Janin Anes prezident vazifasini bajarishga kirishib, yangi hukumatni shakllantirdi. Morales bu voqeani «fuqarolar tomonidan davlat to‘ntarishi» deb atagan va mamlakatda barqarorlik saqlanishi uchun iste'foga ketayotganini ma'lum qilgandi.

Iste'foga chiqqanidan so‘ng Meksikaga yo‘l olgan Morales 12 dekabr kuni Argentina poytaxti Buenos-Ayresga keldi. Unga qochoq maqomi berildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top