12:39 / 19.12.2019
1
59932

Farg‘ona viloyatida elektromobillar ishlab chiqarish qachon boshlanishi ma'lum bo‘ldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

2020 — 2022 yillarda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, «Shaffof omadli sanoat» MChJ tomonidan elektromobil ishlab chiqarishni tashkil etish muddati 2022 yilning 1 oktabr kuni etib belgilandi.

Zavod quvvati yiliga 2 ming dona elektromobil bo‘ladi. Loyihaning umumiy qiymati - 40 mln dollar, jumladan, 24 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyadan hisobidan. Hujjatga ko‘ra, elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish natijasida 300ta ish o‘rni yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentabr oyi o‘rtalarida prezident Shavkat Mirziyoyev «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasidagi «Shaffof omadli sanoat» qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Prezident elektromobillarning iqtisodiy samaradorligiga alohida e'tibor qaratgandi. Xitoyning Silk Road Company kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan mazkur loyihaning umumiy qiymati 30 million AQSh dollari bo‘lib, shundan 24 million dollari xorijiy investitsiya ekani bildirilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ishlab chiqariladigan ekologik toza elektromobillar narxi 3 ming dollar atrofida bo‘ladi. Ular neft mahsulotlari cheklangan sharoitda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top