14:13 / 19.12.2019
1
18234

«Liverpul» qishdagi ilk transferini e'lon qildi

«Red Bull Zalsburg» klubi hujumchisi Takumi Minamino «Liverpul» a'zosiga aylandi. Bu haqda mersisaydlar klubi rasmiy sayti xabar berdi.

24 yoshli yaponiyalik futbolchi 1 yanvardan qishki transfer oynasi ochilgach, klub libosida maydonga tushish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Kelishuv shartlari ochiqlanmayapti. Takumi yangi klubi safida 18-raqam ostida to‘p suradi.

Takumi Minamino yangi klubidagi ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Liverpul»ga o‘tish orzuim edi. Nihoyat, bu damlar yetib kelganidan baxtiyorman. Premer-ligada to‘p surish bosh maqsadlarimdan biri bo‘lgan. Bu chempionatni dunyoning eng kuchli ligasi deb bilaman. Angliyada to‘p surish haqida ko‘p o‘ylaganman, ammo «Liverpul» sharafini himoya qilish imkoniyati paydo bo‘lishi xayolimga ham kelmagan. Maydonga tushishni sabrsizlik bilan kutayapman.

Chempionlar ligasi doirasidagi «Liverpul»ga qarshi o‘yinlar haqida gapirsam, o‘sha bahslarda bu jamoa futbolchilari qay darajada yuqori texnikaga ega ekanligini bildim. O‘shanda Chempionlar ligasi g‘oliblariga qarshi to‘p surayotganligimni sezganman. Bu jamoaning bir bo‘lagi ekanligimdan faxrlanaman. Maqsadim – Premer-liga va Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish hamda klub muvaffaqiyatiga o‘z hissamni qo‘shishdan iborat» - deydi Minamino klub rasmiy saytiga bergan intervyusida.

Oldinroq Minaminoning «Liverpul»ga o‘tishi klubga 8 million yevroga tushishi haqida xabar berilgandi. Futbolchining «Red Bull Zalsburg» klubi bilan shartnomasidagi tovon puli aynan shunchani tashkil etadi.

«Liverpul» ustozi Yurgen Klopp YeChL guruh bosqichida raqib bo‘lgan jamoa yetakchilaridan birini transfer qilishda tashabbus ko‘rsatgan. Minamino Liverpulda mersisaydliklar darvozasiga urilgan gollardan biriga mualliflik qilgandi.

Minamino 2015 yilning yanvar oyida Yaponiyaning «Sereso Osaka» klubidan «Red Bull Zalsburg» safiga o‘tgandi. O‘shanda transfer summasi 800 ming yevroni tashkil etgan.

Ma'lumot uchun, yaponiyalik futbolchi joriy mavsumda Avstriya chempionatida 14 o‘yinda 5 gol urgan, u shuningdek, Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi 6 o‘yinda 2 gol urib, 3 golga uzatma bergan. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top