20:56 / 20.12.2019
5
24008
Maqsuda Vorisova saylovchilar eng ko‘p berayotgan savolni ma'lum qildi

Xalq demokratik partiyasi vakili, senator Maqsuda Vorisova shahar va qishloqlarda yashayotgan fuqarolarning ijtimoiy tengsizligi masalasiga to‘xtaldi.

«Aholimiz hamma narsaga to‘g‘ri ko‘z bilan qaraydi. Lekin eng ko‘p berilgan savol: nima uchun shahar maktabida sharoit bor, nega qishloq maktabida sharoit yo‘q? Nima uchun shahar poliklinikasida hamma tor mutaxassislar bor, nega qishloq poliklinikasida yo‘q? Nima uchun shaharning yo‘llari yaxshi, nima uchun qishloqda yurib bo‘lmaydi? Umuman, mana shu ijtimoiy adolatsizlik, ijtimoiy tenglikning buzilishi aholimizda juda katta savol tug‘diryapti.

Shuning uchun ham yoshlarimiz o‘zi tug‘ilgan joyda emas, shaharga kelib mayli mardikorchilik qilib bo‘lsa ham yashashni ma'qul ko‘ryapti. Shuning uchun ham mana shu sohada savollar ko‘p tug‘ilyapti. Biz nima qildik? Nomzodlar maktabingni qurib beraman, poliklinikangni yaxshilab beraman degan va'dani bera olmaydi. Biz pozitsiyamizni tushuntirdik. Partiyaning pozitsiyasini. Demak, biz qabul qilishimiz lozim bo‘lgan qonunlarni aytdik. Davlat minimal standartlari haqida qonun qabul qilinishi kerak.

Davlat qaysi ijtimoiy xizmatlarni bepul kafolatlaydi? Yoki bo‘lmasam aholining turmush darajasini mo‘tadillashtirish uchun nima qilmog‘imiz kerak? Ya'ni biz taklif qilayotgan yashash minimumi haqidagi qonunni tushuntirib berdik. Aholimiz bunga xayrixohlik bildiryapti.

Partiyamiz bilan shunda reja qildikki, dasturimiz saylovgacha emas. Saylovdan keyingi 12 qadamimizni belgilab qo‘ydik va unda nima qilmoqchi ekanimizni ko‘rsatdik. Parlamentda qancha joy egallashimizdan qat'i nazar partiya o‘zining pozitsiyasida turadi va shu amallarni bajarishga majburmiz», dedi Vorisova «Saylov kampaniyasining 89 kuni: qanday va'dalar berildi va imkoniyatlardan qanday foydalanildi» mavzusidagi tadbirda.

Avvalroq ushbu senator Islom Karimovga millionlab ish o‘rinlari haqida soxta axborotlar kirishi haqida gapirgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top