19:25 / 22.12.2019
1
11940

Video: Andijonda 100 yoshdan oshgan 82 nafar fuqaro saylovda ovoz berdi

Andijon viloyatida yoshi yuzdan o‘tgan 82 nafar nuroniy va onaxonlar istiqomat qiladi. Bugun, 22 dekabr kuni saylov uchastkalari tomonidan ularning yashash joylariga borib, ovoz berish tashkil etildi.

Paxtaobod tumanilik O‘rinjon ona Ermatova tumanning «Muazzinboy» mahallasida yashaydi. 1912 yil 1 yanvarda tug‘ilgan onaxon Paxtaoboddagi 428-saylov uchastkasiga o‘zi kelib nomzodlarga ovoz berdi.

Oltinko‘l tumanidagi «Toptiq» mahallasida yashovchi Saodatxon ona Hayitova 106 yoshda. Onaxonning oilasi katta. U kishining 8 nafar farzandi, 52 nafar nabirasi, 39 nafar evara, 13 nafar chevara va 1 avarasi bor ekan.

Yuzni qoralagan Saodatxon onaning oldiga tumandagi 109-saylov uchastkasi vakillari bilan birga bordik. Tom ma'nodagi pir-u badavlat onaxon hali dadil, ko‘zlari tiniq ko‘rar ekan, duo qildilar. U kishi o‘z qo‘llari bilan saylov byulletenlarida nomzodni belgilab ovoz berdilar.

Marhamat tumanida istiqomat qiluvchi 102 yoshli Ulug‘xon momo Ibragimova ham 317-saylov uchastkasida ovoz berdi.

II jahon urushi qatnashchisi Mahmudjon ota Holmaxsumov Shahrixon tumanining «Yangi hayot» mahallasida yashaydi. 93 yoshli otaxon 195-saylov uchastkasiga o‘zi kelib ovoz berdi.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top