22:00 / 22.12.2019
2
27247

Polsha TIV Putinning ikkinchi jahon urushi boshlanishi sabablari haqidagi so‘zlariga javob qaytardi

Varshavadagilarning fikricha, urush haqida so‘zlay turib Rossiya hukumati voqealarning asl manzarasini buzib ko‘rsatuvchi Stalin davrining «propaganda murojaatnomalari»dan foydalanmoqda.

Rossiya hukumati vakillarining Ikkinchi jahon urushi sabablari va uning borishi haqidagi bayonotlari «voqealarning noto‘g‘ri manzarasini ifodalaydi». Polsha Tashqi ishlar vazirligi xabarida RF prezidenti Vladimir Putinning polyaklar hukumati o‘z mamlakatining qurolli kuchlarini boshqara olmay qolganidan so‘ng sovet qo‘shinlari mamlakatga kirishgani haqidagi so‘zlariga sharh berildi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Putinning so‘zlari «polyak va rus ekspertlarining birgalikdagi ishlarini barbod qiladi», shuningdek «haqiqat yo‘lini topib polyak-rus munosabatlarida yarashuvga erishishga uringan» avvalgi rahbarlar — Mixail Gorbachyov va Boris Yelsinning sa'y-harakatlarini yo‘qqa chiqaradi.

Varshavadagilarning fikricha, Rossiya hukumati «Stalin totalitarizmi davridagi propaganda murojaatnomalari»dan foydalanmoqda, holbuki uni SSSRning rahbarlaridan biri Nikita Xrushchyov ham tanqid ostiga olgan edi.

Polsha 1918 yilda mustaqillikka erishgach, Germaniya va SSSRga nisbatan muvozanatlashgan siyosat yuritishga intilib kelgan, deb qayd etadi vazirlik. Shunga qaramasdan, «Natsistlar Germaniyasi bilan harakatlarini muvofiqlashtirgan» sovet ittifoqi «urush ochishga yo‘naltirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qadamlarni bosgan».

Polsha tomoni ikki davlatning uning hududiga bostirib kirishiga Germaniya va SSSR o‘rtasida 1939 yilda imzolangan Molotov-Ribbentrop pakti hamda ushbu hujjatga ilova qilingan «Sharqiy Yevropani nemis va sovet ta'sir doirasi bo‘yicha bo‘lib olishga qaratilgan» maxfiy dalolatnoma sabab bo‘lgan, deydi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Polsha hududining 52 foizi sovet okkupatsiyasi ostida bo‘lgan. Idora tarixchilarning hisob-kitoblariga havola qilib, 1939-1944 yillardagi sovet repressiyasi ostida 566 ming polyak qurbon bo‘lganini aytadi.

Vazirlikning fikricha, Rossiya tomonidan Stalin qatag‘onlari qurbonlari xotirasiga hurmat bajo aylash «propaganda o‘rniga tarixga haqqoniy va tanqidiy nazar tashlash» imkonini beradi.

Polsha milliy xotira instituti Moltov-Ribbentrop paktini Ikkinchi jahon urushi boshlanishiga shart-sharoit yaratish, deb baholaydi. Idoradagilar SSSR va Germaniya «ozod millatlarni qul qilib, Moskva va Berlindagi totalitar rejimlarga bo‘ysundirish bo‘yicha imperiyacha mahv etish siyosatiga tayyorgarlik ko‘rishgani»ni ta'kidlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 19 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zining katta matbuot anjumanida sovet qo‘shinlari Polshaga bu mamlakat hukumati «polyak-rumin chegarasi yaqinida bo‘lgan chog‘da» bostirib kirgani va «bu mavzuda muzokara o‘tkazadigan odamning o‘zi bo‘lmagani»ni aytib o‘tgan. Putinning so‘zlariga ko‘ra, SSSR Germaniya bilan o‘zaro hujum qilmaslik haqida hujjat imzolagan so‘nggi davlat bo‘lgan. Maxfiy dalolatnoma haqida gapirar ekan, Putin Polshaning o‘zi ham «Chexoslovakiyani bo‘lishda ishtirok etgani» va uning ikkita tumanni o‘z tarkibiga qo‘shib olganini aytib o‘tgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top