17:10 / 23.12.2019
3
19038

«Inson omilini kamaytirish vaqti keldi» - MSK raisi saylov natijalari kech e'lon qilingani haqida

Bugun, 23 dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida parlament saylovi natijalari e'lon qilindi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov saylov jarayonlarini o‘tkazish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, qonun buzilish holatlari va saylov natijalari nega kech e'lon qilingani haqidagi savollarga javob qaytardi.

«To‘g‘ri, saylov natijalari 18 soat o‘tib e'lon qilindi. Albatta, bu judayam uzoq muddat. Agar biz saylov jarayonlariga axborot-kommunikatsiyalarini to‘liq kiritsak, birdaniga natijalarni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu jarayonga kirib kelyapmiz. Mana, bu yil 60ta saylov uchastkasi eng so‘nggi axborot texnologiyalari bilan ta'minlandi. Shuning natijasida bu hududlarda hech qanday qonunbuzilish holatlari kuzatilmadi. Qolgan uchastkalarni ham shunday ta'minlashimiz kerak.

Saylovda ovozlarni sanab chiqish va undan keyingi hujjatlarni yuritishda va natijalarni markazga yetkazib berishda muammolarimiz borligini aniqladik. Buni qanday hal qilamiz? Fikrimcha, inson omilini kamaytirish vaqti keldi. Shunday qilinsa g‘irromliklar ham kamayadi. Tez orada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilish zarur. Buning uchun birinchi navbatda, yetarli mablag‘ talab qilinadi. Hozir shu jarayonga moslashuv davridamiz. Keyingi saylovlarda bu masala to‘liq hal qilinadi. Shunday bo‘lishi kerakki, uchastkalardagi natijalar tezlik bilan markaziy saylov komissiyasi saytiga yetib kelishi kerak. Ma'lumot bizga 10-20 daqiqada yetib kelishi kerak», deydi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, elektron ovoz berish amaliyotini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top