13:57 / 23.12.2019
0
7620

O‘rmon fondi uchastkasini qanday ijaraga olish mumkin?

Foto: globalstour

Davlat o‘rmon fondi uchastkalarini ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. U 2020 yil 1 yanvardan amalga kiritiladi.
 
Ma'lumot uchun: barcha o‘rmonlar davlat o‘rmon fondini tashkil etadi, u davlat ahamiyatiga molik o‘rmonlardan, ya'ni davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tasarrufidagi o‘rmonlardan, boshqa idoralar va yuridik shaxslar foydalanishidagi o‘rmonlardan iboratdir (“O‘rmon to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi).
 
Norma’ning yozishicha, davlat o‘rmon fondi uchastkalari davlat o‘rmon kadastrida ko‘rsatilgan muayyan chegaraga, maydonga, joylashgan yeriga, huquqiy rejimga va boshqa xususiyatlarga ega bo‘ladi. 
 
Bunday uchastkalarni ijaraga berishda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (Davlat o‘rmon xo‘jaligi), tegishli vakolat berilgan hollarda - Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi uning hududiy boshqarmalari ijaraga beruvchi hisoblanadi. Uchastka doimiy egalik qilishga berib qo‘yilgan o‘rmon xo‘jaligi tashkiloti o‘rmondan doimiy foydalanuvchi hisoblanadi. Yuridik va jismoniy shaxslar shartnoma asosida ijaraga oluvchi bo‘lishi mumkin.
 
O‘rmon fondi uchastkalari quyidagi shakllarda ijaraga beriladi:

o‘rmon fondining o‘zlashtirilmagan (o‘rmon bilan qoplanmagan) yerlarida yangidan barpo etilgan va kamida 1 yilgacha bo‘lgan muddatda parvarishlangan o‘rmonlar joylashgan yerlarni ijaraga olish huquqini kimoshdi savdolari asosida sotish (50 yilgacha muddatga);

o‘rmon fondining o‘zlashtirilmagan (o‘rmon bilan qoplanmagan) yerlarida yangidan o‘rmon barpo etish, shuningdek, ushbu yerlardan ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma'rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya, estetik va ekologik turizmni rivojlantirish maqsadlarida foydalanish, ovchilik va baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etish, dorivor o‘simliklar va ko‘chatlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun (50 yilgacha muddatga);

o‘rmon fondi yerlarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun (davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim doirasida) 3 dan 49 yilgacha muddatga.
 
O‘rmon fondi uchastkalari tasdiqlangan sxema bo‘yicha ijaraga taqdim etiladi. Ijaraga berilayotgan o‘rmon fondi uchastkasi chegaralari ijara shartnomasining ajralmas qismi hisoblanadigan dalolatnoma va xaritada ko‘rsatiladi.
 
Ijara to‘lovi to‘liqligicha Davlat o‘rmon qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Shartnomada kommunal va asosiy vositalardan foydalanish (ijaraga olish) to‘lovlari, shu jumladan amortizatsiya ajratmalari alohida yoziladi. Ijara to‘lovi ijara shartnomasi tuzilgan kundan boshlab 30 kun muddat ichida 100 foiz, keyingi yillarda to‘lov ijara shartnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda 100 foiz oldindan to‘lash shaklida amalga oshiriladi.  Ijara to‘lovi kechiktirilganligi uchun undirilgan penya va shartnoma majburiyatlari buzilganligi uchun jarimalar O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasida bilan o‘rmondan doimiy foydalanuvchi o‘rtasida teng miqdorda taqsimlanadi.
 
O‘rmon fondi uchastkalarini ijaraga berish o‘rmondan doimiy foydalanuvchi va ijarachi o‘rtasida tuziladigan tegishli topshirish-qabul qilish dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top