21:47 / 23.12.2019
7
43512

Saylovlar qonunchilikka muvofiq o‘tdi deya olamizmi? – Kun.uz surishtiruvi

​​​​​​​22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda kuzatilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Kun.uz tahririyatiga ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Sayt muxbirlari ana shunday murojaatlarning ayrimlari bo‘yicha jurnalistik surishtiruv o‘tkazishdi.

Elektron pochtaga yuborilgan videoda Toshkentdagi 312-saylov uchastkasida bir shaxs tomonidan bir necha byuletten tashlanayotgani, bundan tashqari, saylov uchastkasi raisi o‘zini kuzatuvchi deb aytayotgan ayolning saylov jarayonini kuzatishiga monelik qilayotgani aks etgan.

Videotasvirlarda chindan ham bir yigit 3tadan ko‘proq byuletten tashlagani ko‘ringan. Surishtiruv davomida hodisaning ishtirokchilari topildi. Videoda ko‘ringan keksa onaxon – Ozoda Abdujabborova saylov byulletenlarini o‘zi to‘ldirganini, biroq ko‘zi yaxshi ko‘rmagani uchun byulletenlarni saylov qutisiga tashlashda qo‘shnisidan yordam so‘ragani ma'lum bo‘ldi.

«Saylovga chiqdim, byulletenlarni o‘zim to‘ldirdim. Ovoz berish xonasidan chiqqanimda qo‘shnimning o‘g‘lini ko‘rib qoldim va ko‘zim yaxshi ko‘rmagani uchun undan byulletenlarni saylov qutisiga tashlab berishni iltimos qildim. Saylov qutisini tirqishini ko‘ra olmadim, qand kasalim, qon bosimim bor. Ko‘zim yaxshi ko‘rmagani uchun ikkita ko‘zoynak taqaman. Saylov kuni menga 3ta [tuman va shahar kengashlari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi uchun bittadan] byulleten berishdi, faqat o‘shalarni to‘ldirdim», dedi Ozoda Abdujabborova.

Mazkur saylov okrugi raisi bir partiyadan ikki vakil kelgani uchun ulardan birini saylov uchastkasiga kiritmaganini, qolaversa, ikkinchi kuzatuvchining Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan maxsus hujjati (beyjik) bo‘lmagani, shuning uchun uni saylov jarayoniga yaqinlashtirmaganini aytdi.

314-saylov uchastkasidan olingan boshqa bir videoda esa ikki ayolning bir nechta byulletenlarni saylov qutisiga tashlashga urinayotgani, byulletenlar ko‘pligidan saylov qutisi tirqishiga tiqilib qolgani aks etgan.

«Okrugimdagi 314-saylov uchastkasida yuz bergan bo‘lgan holatni e'tibordan chetda qoldiribmiz. Bunga huquqiy baho berilishiga e'tirozimiz yo‘q. Saylov jarayonida bunaqa holat faqat bir marta kuzatilgan, kamchilikka yo‘l qo‘yganimizni tan olamiz va buning uchun uzr so‘raymiz», deydi 14-Paxta saylov okrugi raisi Dildora Yakubova.

Videoda qisman ko‘ringan erkak kishi ayollarning noqonuniy harakatiga hech qanday monelik qilmagan va kuzatuvchining holatni videoga olishiga e'tiroz bildirgan. Eng qizig‘i, video olinishiga qarshilik qilgan erkak ayni shu uchastka saylov komissiyasining raisi bo‘lib chiqdi.

314-saylov uchastkasi raisi G‘ayrat Qodirov

«Haqiqatan ham videosi tarqalgan holat yuz berdi. Ikki nafar ayol kishi tomonidan oilaviy ravishda ovoz berilgan byulletenlarni saylov qutisiga tashlayotganda men kelib bunday qilish mumkinmasligini aytdim. Saylov qutisi tirqishiga tiqilib qolgan byulletenlarni sug‘urib oldim. Shu paytda meni telefonga chaqirib qolishganda, qo‘ng‘iroqqa javob beraman deb chalg‘ib qolganimda saylovchilar byulletenlarni saylov qutisiga tashlashga ulgurishdi. E'tiborsizligim uchun uzr so‘rayman», deydi 314-saylov uchastkasi raisi G‘ayrat Qodirov.

«Kuzatuvchi sifatida 314-saylov uchastkasidagi saylov jarayonini diqqat bilan kuzatib bordim. Sizlarga yetib borgan videoni men olganman. Qonunbuzilish holatini ko‘rishim bilan uni videoga ola boshladim», deydi kuzatuvchi Omonullo Soipov.

Omonullo Soipov

22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov 314-saylov uchastkasida yuz bergan qonunbuzilish holati tufayli 142-Qoraqamish saylov okrugidagi saylov natijalari bekor qilingani, bu okrugda saylov qaytadan o‘tkazilishini ma'lum qildi.

«Adolat» partiyasidan Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzodi qo‘yilgan Obidjon Latipov feysbukdagi sahifasida Uchtepa tumanidagi 48-saylov uchastkasida ham ana shunday qonunbuzilish yuz bergani haqida xabar bergandi.

U Kun.uz’ga bergan intervyusida hodisa tafsilotlarini ma'lum qildi.

Obidjon Latipov

«Saylov kuni Uchtepa tumanidagi 6-saylov okrugidagi bir qator saylov uchastkalarida bir fuqaroning bir necha saylovchi uchun ovoz berishga urinishi yoxud umuman saylovchilar ro‘yxatida bo‘lmagan shaxslarning ovoz berishga urinishi kuzatildi. Kuzatuvchilarimiz mazkur harakatlarni to‘xtatib qolishga va videoga olishga harakat qilishdi. Biroq ba'zi saylov uchastkalarida, jumladan, 48-saylov uchastkasida bunga nafaqat saylov uchastkasi mas'ullari, balki boshqa partiyalar tomonidan tayinlangan kuzatuvchilar ham keskin qarshilik ko‘rsatishdi. Men saylov uchastkasiga kira olmaganim sababli faqat kuzatuvchilardan ma'lumot olib turibman. Qo‘limizda so‘zlarimizni tasdiqlovchi dalillar bor, umid qilamanki, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ularni inobatga olishadi», deydi Obidjon Latipov.

Ijodiy guruhimiz yuz bergan holat yuzasidan mutasaddilardan izoh olish maqsadida kech bo‘lib qolganiga qaramay 48-saylov uchastkasiga borishdi ham ovozlarni sanash jarayonini kuzatishga ham muvaffaq bo‘lishdi. Kun.uz muxbiri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va suratlar bo‘yicha saylov uchastkasi raisidan izoh so‘radi.

«Uchastkamizdagi saylov jarayonida aholi tomonidan bir nechta pasportlarni olib chiqib, faqat o‘ziga emas, aka-ukalari, ota-onasi uchun ham ovoz berish holatlari uchradi. Lekin biz bunga yo‘l qo‘ymadik. Bitta odam faqat o‘zi uchun ovoz berishi kerakligini tushuntirdik. Qariyalar, kasallarning uyiga kuzatuvchilar va mahalla profilaktika inspektori hamrohligida ko‘chma quti bilan bordik. Lekin noqonuniy yo‘l bilan byulletenlarni urnaga tashlash holatlari bizda bo‘lgani yo‘q», deydi 48-saylov uchastkasi raisi Saida Samigova.

Saida Samigova ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va o‘zi rahbarlik qilayotgan saylov uchastkasidagi holatlar aks etgan surat va videolarni ko‘rgani, bunday holat faqat bir marta sodir bo‘lgani, saylov uchastkasining yosh xodimi tajribasizligi tufayli ana shunday xatoga yo‘l qo‘yilgani, bu bo‘yicha undan tushuntirish xati olinganini ma'lum qildi. Saylov uchastkasi raisining aytishicha, bitta odam tomonidan to‘ldirilgan bir necha byulletenlar saylov qutisiga tashlanmagan, bu holatni aniqlagan kuzatuvchilar bunga yo‘l qo‘yishmagan.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev 23 dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Adolat» partiyasidan Xalq deputatlari Toshkent shahar deputatligi uchun nomzod Obidjon Latipov bilan bog‘liq hodisalar prokuratura organlari tomonidan o‘rganilishi, natijasi bo‘yicha nomzodga hamda ommaviy axborot vositalariga xabar qilinishini aytdi.

Kezi kelganda 2019 yilgi saylovlarning saylovoldi kampaniyasi oshkoralik ruhida o‘tgani, garchi ko‘p «qovun» tushirilgan bo‘lsa-da, saylovoldi tashviqoti, debatlarda partiyalar rahbariyati hamda vakillarining shu paytgacha «nozik» deb hisoblangan savollarga javob berishiga to‘g‘ri kelgani, muhimi, bu kadrlar efirdan qirqib tashlanmagani, saylovchilar davomati borasida bu yilgi raqam (67,8 foiz) avvalgi saylovlarga qaraganda haqiqatga ancha yaqin bo‘lganini ta'kidlab o‘tish kerak. Qolaversa, tahririyatimizga yuborilayotgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan saylov jarayonidagi qonunbuzilishlar haqidagi foto-videomateriallar O‘zbekistonda jamoatchilik nazoratining kuchayib borayotgani, bu yilgi saylovlarda nomzodlarning kuzatuvchilari ham har qachongidan faolroq ishlashgani, eng muhimi, buning uchun ularga aytarli jiddiy qarshiliklar qilinmaganini ham ijobiy holat sifatida baholash mumkin.

O‘z navbatida, Kun.uz tahririyatiga yuborilgan saylov qonunchiligi buzilishiga oid barcha materiallar 24 dekabr kuni rasmiy xat bilan Markaziy saylov komissiyasi va Bosh prokuraturaga yuborilishini ma'lum qilamiz. Muxbirlarimiz voqealar rivojini kuzatishda, shuningdek, takroriy ovoz beriladigan okruglardagi jarayonlarni o‘rganishda davom etadi.

Jamshid Niyozov, Abror Zohidov, Kun.uz muxbirlari,

tasvirchi Mirvohid Mirrahimov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top