18:10 / 24.12.2019
0
13303

Lukashenko Minsk yoki Vitebsk yaqiniga Rossiya harbiy samolyotlarini joylashtirishni taklif qildi

Foto: TASS

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat hududida Rossiya kosmik-havo kuchlari bazasini joylashtirish ehtimoli haqidagi muhokamalarni safsata deb atadi, ammo Moskvaga Minsk va Vitebsk yaqinida Rossiya harbiy samolyotlarini joylashtirishni taklif qildi.

"Bu meni siyosatchi va rahbarlaringiz kechirsinlar, sizlar tomoningizdan (Rossiya) qilingan oddiy feyk. Balki urf bo‘lgan so‘zni noto‘g‘ri aytgandirman. Bu shunchaki safsata, u kimga kerak bo‘ldi, bilmayman", - dedi Lukashenko "Exo Moskvi" radiostansiyasi efirida.

U Rossiyaga Belarus hududida harbiy baza kerak bo‘lishiga shubha bildirdi.

"Ammo hududimizga o‘z samolyotlaringizni joylashtirishni istasangiz, ertaga shaxsan o‘zim qabul qilishga tayyorman. Bizda samolyot, vertolyotlarimiz joylashtirilgan 5ta harbiy-havo bazasi bor. Marhamat, kelinglar", - dedi u.

"Marhamat, Minsk yaqiniga 50ta samolyot joylashtiring. Yoki Vitebsk yaqiniga 20ta samolyotni joylang. Hech qanday baza qurishning hojati yo‘q. Mavzu yopildi", - dedi Belarus prezidenti.

Noyabrda Belarus xavfsizlik kengashi davlat kotibi Stanislav Zas "Belarus 1" telekanaliga bergan intervyusida Moskva Minskka Su-30SM qiruvchi samolyotlarini sotib olishda moliyaviy ko‘mak berishni, ammo evaziga respublikada o‘z aviabazasini joylashtirishni taklif qilganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus rahbariyati qiruvchi samolyotlarni o‘z mablag‘iga sotib olishga qaror qilgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top