16:45 / 24.12.2019
4
23978

Norboyeva: «Odamlar ovqatdan zaharlanyapti – vazirlikning bu bilan ishi yo‘q»

«Hokimlar o‘rtasida binolarni kimo‘zarga qurib, bayramlarga yetkazib topshirish rosa avj olgan».

Oliy Majlis Senati kengashining 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan majlisida umumiy ovqatlanish korxonalari va ta'lim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi masalasi ko‘tarildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Senat raisi Tanzila Norboyeva ovqatdan zaharlanish holatlari ko‘payganini ta'kidlab, bu boradagi tizimli kamchiliklarni sanab o‘tdi.

«Yegulik mahsulotlari, ovqatlarning sifati bo‘yicha faqatgina bitta idora mas'ul emas. Qishloq xo‘jaligida yetishtirilayotgan mahsulotlar sifati ham nazorat ostida bo‘lishi kerak. Mahsulotning ishlab chiqirilishi, saqlanishi, yetkazib berilishi, sotilishi – barchasi biz ko‘rib chiqayotgan muammo bilan bevosita bog‘liq.

Talim muassasalarida ovqatlantirishning autsorsing uslubidan foydalanilyapti. Lekin tadbirkor faoliyatini tekshirishning imkoni yo‘q. U qanday ish olib boryapti, qanaqa ovqat tayyorlayapti, hech kim xabardor emas. O‘rtada bolalarning sog‘ligi turibdi», – dedi u.

Tanzila Norboyeva turli inshootlarni shoshmashosharlik bilan qurib, foydalanishga topshirilishi, sanitariya talablari chetlab o‘tilayotganini ham qayd etdi.

«Hozir hokimlar o‘rtasida rosa avj olgan ─ binolarni kimo‘zarga qurib, bayramlarga yetkazib topshirishga harakat qilishyapti. Lekin aniq belgilangan sanitariya normalari mavjud. Ularni kimdir inobatga olyaptimi o‘zi? Yoki hech kim hisoblashmayaptimi? Sanitariya talablariga mos bo‘lmasa ham foydalanishga topshirib yuborishadi. Kerakli mutaxassis ko‘rigidan o‘tgan-o‘tmagani bo‘yicha hech qanday normativ ham yo‘q», ─ deb ta'kidladi Norboyeva.

Senat raisi ovqatdan zaharlanish masalasiga Sog‘liqni saqlash vazirligining munosabatini jiddiy tanqid qilib, ayni shu masala kengaytirilgan tarzda ko‘rib chiqilayotgan yig‘ilishga taklif etilganiga qaramay, vazir yoki hatto uning biror bir o‘rinbosari ham kelmaganiga e'tibor qaratdi.

«Odamlar ovqatdan zaharlanyapti. Bolalarning yarmidan ko‘pi anemiya. Lekin Sog‘liqni saqlash vazirligining bu bilan ishi yo‘q. Muammo asli ularniki. Lekin odamlar zaharlanaversin, o‘lib ketaversin, kamqon bolalar tug‘ilaversin ─ vazirlikning zig‘ircha ishi yo‘q.

Muammoga munosabatni yig‘ilishga kelishmagani ham ko‘rsatib turibdi. Bunaqa «jiddiy munosabat»ni qanaqa tushunish mumkin?», ─ deydi Norboyeva.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top