17:15 / 24.12.2019
1
25419

Xabarovskda beshinchi avlod Su-57 qiruvchi samolyoti qulab tushdi

Beshinchi avlod Su-57 qiruvchi samolyoti Xabarovsk o‘lkasidagi Komsomolsk-Amurdagi sinov parvozi vaqtida taygaga qulab tushdi. 

Foto: Sergey Bobylev/TASS

Samolyot «Dzemgi» aerodromidan 120 kilometr masofada joylashgan taygada dvigatelni sinovdan o‘tkazish vaqtida halokatga uchragan. Hodisa oqibatida qurbonlar yo‘q, uchuvchi katapulta qilishga ulgurgan.

Samolyot Rossiya Mudofaa vazirligiga emas, Komsomolsk-Amurdagi Gagarin nomli aviazavodga tegishli bo‘lgan.

Qayd etilishicha, bu bunday rusumli qiruvchi samolyotning ilk marta halokatga uchrashidir. Hodisaning asosiy sabablari sifatida nosozlik va parvoz vaqtidagi xatolik ko‘rsatilmoqda.

Ma'lumot uchun, Su-57 — Rossiyaning ko‘p maqsadli beshinchi avlod qiruvchi samolyotidir, u Suxoy sinov-konstruktorlik byurosi tomonidan front aviatsiyasi uchun ishlab chiqilgan. 

Rossiyada beshinchi avlod samolyoti ishlab chiqilishi haqida 2000-yillar boshidayoq gapira boshlangandi, bunday samolyot Rossiyaning zamonaviy qurollanishdagi salohiyatini namoyish etishi ko‘zda tutilgandi. Avvaliga uning ilk parvozi 2006 yilga mo‘ljallangan, keyin muddat bir necha bor surilgan. Yakunda Su-57 qiruvchi samolyotining ilk parvozi 2010 yilning 29 yanvarida Komsomolsk-Amurda amalga oshirilgandi.

2017 yilning dekabrida Su-57 yangi dvigatellar bilan parvoz qiladi, 2018 yilning yanvar oyi oxirida esa samolyot qurollar bilan ucha boshlaydi.

2018 yil marti Rossiya Mudofaa vaziri eng so‘nggi Su-57 Suriyadagi sinov dasturiga kiritilgani haqida ma'lum qiladi. Bir necha oy o‘tib Shoygu sinovlar fevral oyida o‘tkazilgani va bu sinovlar vaqtida qanotli raketalari uchirilgani haqida aniqlik kiritdi.

2019 yilning iyunida Rossiya Mudofaa vazirligi «Birlashgan aviaquruvchi korporatsiya»sidan Su-57 qiruvchilari partiyasini sotib olgandi. Shartnoma Rossiya prezidenti Vladimir Putin guvohligida «Armiya-2019» ko‘rgazmasida tuzilgandi. Kelishuvga ko‘ra 76ta qiruvchi samolyot yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top