21:53 / 25.12.2019
0
28951

Bloomberg milliarderlarga tegishli 50 ta superyaxta bir orolda yig‘ilganidan xabar topdi

Foto: Getty Images

Bloomberg axborot agentligi milliarderlarga tegishli superyaxtalar bir vaqtda Karib dengizida yig‘ilganidan xabar topdi. Agentlikda ta'kidlanishicha, ehtimol bu holat ushbu yaxtalar egalari Rojdestvo bayramini qayerda nishonlashga qaror qilishganidan darak beradi. 

Ma'lum qilinishicha, bayram arafasida dunyodagi eng katta yaxtalar AQSh, Italiya, Ispaniya, Fransiyani tark etib, Antigua va Barbuda, Sen-Bartelemi va Sen-Marten sohillari yaqinida to‘plangan.

Niderlandiya va Fransiya o‘rtasida bo‘lishib olingan Sen-Marten oroli yaqinida ayniqsa yaxtalar soni keskin ko‘paygan. Noyabrda ushbu orol yaqinida 16 ta superyaxta qayd qilingan bo‘lsa, Rojdestvo arafasida ularning soni 52 tagacha yetgan.

Sen-Marten sohili yaqinida payqalgan superyaxtalardan eng yirigi rossiyalik milliarder Roman Abramovichga tegishli 162,5 metrlik Eclipse bo‘lgan. Bu borada 2-raqamli yaxta Magnitogorsk metallurgiya kombinati egalaridan biri Viktor Rashnikovning Ocean Victory (uzunligi 140 metr), 3-raqamlisi esa DreamWorks kinostudiyasining egalaridan biri Devid Geffenning Rising Sun (138 metr) yaxtalari hisoblanadi.

Biroq Vesselfinder, Marinetraffic va Vesseltracker servislari ma'lumotlariga ko‘ra, yuqorida tilga olingan Eclipse, Ocean Victory va Rising Sun yaxtalari 25 dekabrda Karib dengizidagi boshqa orol - Sen-Bartelemi yaqinida qayd qilingan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top