09:58 / 25.12.2019
0
10070

Budjet ssudalarini qaytarish tartibi qanday?

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlariga budjet ssudalarini berish va olingan budjet ssudalarini qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, ssudalar shaklidagi budjetlararo transfert (budjet ssudasi) budjet manbalarining to‘liq safarbar qilinishi tegishli budjetlarda nazarda tutilgan xarajatlar qoplanishini ta'minlanmagan taqdirda, qaytarish sharti bilan va foizsiz beriladi.

Ssudalar:

a) O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan — Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlariga;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti mablag‘lari hisobidan — tumanlar va shaharlar budjetlariga ularning daromadlari hamda xarajatlari o‘rtasidagi rejali yoki kutilayotgan vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun beriladi.

Ssudalar quyidagi muddatlarga beriladi:

a) prognoz qilingan daromadlar va rejalashtirilgan xarajatlar o‘rtasidagi rejali vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun — to‘qqiz oygacha bo‘lgan muddatga;

b) daromadlar tushumlari va xarajatlarni amalga oshirish o‘rtasida kutilayotgan vaqtinchalik kassa uzilishlarini qoplash uchun — olti oygacha bo‘lgan muddatga beriladi.

Rejali ssuda daromadlarning prognoz qilingan tushumlari, nazarda tutilgan subvensiya, o‘tkazib beriladigan daromadlarning summasi maqsadli ijtimoiy transfertlar, aylanma kassa mablag‘laridan va yil boshidagi erkin qoldiqlardan vaqtinchalik mablag‘ jalb qilish, dotatsiya tasdiqlangan tegishli budjetlarda nazarda tutilgan ayrim choraklardagi xarajatlar qoplanishini ta'minlanmagan hollarda beriladi.

Ssuda berish shartlari

Ssudalar berishning majburiy sharti ulardan belgilangan maqsadda foydalanish, shuningdek joriy moliya yili davomida ularni o‘z vaqtida qoplashdan iborat.

Kelgusi moliya yili uchun alohida choraklarning daromadlari va xarajatlari o‘rtasida yuzaga keladigan rejali vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun tegishli budjetning yillik rejali daromadlari va xarajatlari hajmlarini choraklik taqsimlashda ssudalar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Rejali yoki kutilayotgan vaqtinchalik kassa uzilishlari yuzaga kelganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, tegishli viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organ rahbari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga ssuda berilishi to‘g‘risidagi yozma so‘rov bilan murojaat qiladilar. Xuddi shunday tartibda, tumanlar va shaharlar hokimlari yuqori turuvchi hokimliklar moliya bosh boshqarmalariga ssuda berilishi to‘g‘risidagi yozma so‘rov bilan murojaat qiladilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga, tumanlar va shaharlar budjetlariga, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlariga daromadlar tushmasligi yoki ularning xarajatlarini muddatidan oldin moliyalashtirish zarurati yuzaga kelganda, tegishli budjet daromadlari va xarajatlarini muvozanatlashtirish maqsadida chora-tadbirlar nazarda tutilmagan hollarda ssuda berilishi uchun yozma so‘rov bilan murojaat qilish asos bo‘lishi mumkin.

Ssuda berilishi to‘g‘risida yozma so‘rovga tegishli hududiy moliya organi rahbari imzosi bilan ssudaga bo‘lgan ehtiyojlarning asoslantirilgan hisob-kitoblari va ssuda olish bo‘yicha shartnoma loyihasi ilova qilinadi.

Taqdim etilgan hisob-kitoblar kassa uzilishiga sabablarning batafsil tahlilini o‘z ichiga olishi kerak, xususan quyidagilarni:

a) yil boshidan oxirgi hisobot davrigacha bo‘lgan budjetning ijrosi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

b) kassa uzilishining yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan hisobot davri uchun daromadlar tushumining belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari;

v) qarzdorlik miqdori va uning shakllanish sabablari, hudud bo‘yicha qarzdorlik dinamikasi;

g) tegishli davr uchun budjetda nazarda tutilgan tip, obekt va kichik obektlar bo‘yicha birinchi darajali xarajatlar summasi;

d) kutilayotgan daromadlar tushumi, shu jumladan soliq turlari bo‘yicha va tegishli hisobot davri uchun kutilayotgan xarajatlar;

ye) so‘ralayotgan ssudalar hajmi va uni qaytarish muddatlari;

j) kassa uzilishini yuzaga kelish sabablarini tushuntirish, so‘rovning asoslanganligi, hamda ssudani o‘z vaqtida qaytarilishini ta'minlovchi chora-tadbirlar rejasi.

So‘rovni ko‘rib chiqayotgan hamda ssuda beruvchi yuqori turuvchi moliya organi zarur hollarda qaror qabul qilish uchun kerakli qo‘shimcha ma'lumotlar va hisob-kitoblarni so‘rashi mumkin.

Ssuda olish bo‘yicha hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan hollarda ssuda berilishi to‘g‘risidagi so‘rov ko‘rib chiqilmaydi.

Barcha hisob-kitoblar ikki nusxada tegishli moliya organlari tomonidan tayyorlanadi, hamda bir nusxasi ushbu moliya organida saqlanadi, ikkinchisi esa yuqori turuvchi organga taqdim etiladi.

Ssudani berish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari hamda davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organ rahbarlaridan ssuda berish to‘g‘risidagi so‘rovni qabul qilgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat budjeti bosh boshqarmasi, Hududlar moliyasi bosh boshqarmasi bilan birgalikda hisob-kitoblarni, hamda ssuda berish uchun asoslarni ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziriga ssuda berish yoki ssuda berishni rad etish to‘g‘risidagi aniq takliflari bilan yozma xulosa kiritadi. Quyi turuvchi moliya organlari tomonidan taqdim etiladigan ssuda berish to‘g‘risida so‘rovlarni yuqori turuvchi moliya organlarining budjet bo‘limlari ko‘rib chiqadi va belgilangan tartibda tegishli moliya organi rahbariyatining yozma xulosasini kiritadi.

Yuqori turuvchi moliya organlarining budjet bo‘limlari tomonidan ko‘rib chiqilgan ssuda berish to‘g‘risidagi so‘rovlarga ijobiy xulosa berilganda, taklif etilayotgan hamda ajratiladigan ssuda hajmi, uning maqsadli yo‘naltirilganligi va uni to‘lash muddatlari ko‘rsatiladi.

Yuqori turuvchi moliya organlarining budjet bo‘limlari tomonidan ko‘rib chiqilgan ssuda berish to‘g‘risidagi so‘rovlarga salbiy xulosa berilgan hollarda, ssuda berilishi mumkin emasligi to‘g‘risida aniq sabablar va asoslar quyi turuvchi moliya organlariga ko‘rsatiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli hokimliklarning, davlat maqsadli jamg‘armasini taqsimlovchi organ rahbarining yozma so‘rovini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha ssudani berish to‘g‘risidagi qaror:

O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan — O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri tomonidan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjetidan — tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalari boshliqlari tomonidan besh ish kuni ichida qabul qilinadi.

Ssudani ajratish ssudani berayotgan moliya organi va ssudani oluvchi moliya organi (davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organ) o‘rtasida ssuda berish to‘g‘risidagi shartnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Yuqori turuvchi budjetlardan ssuda berilishi rad etilgan hollarda ssuda oluvchi moliya organi (davlat maqsadli jamg‘armasi) tegishli moliya organi tomonidan ssuda berishning rad etilishi sabablarini aniq ko‘rsatgan xat orqali yozma ravishda ma'lum qiladi.

Ssuda berilishi uchun shartnomada belgilangan muddatli to‘lov topshiriqnomasi, tegishli budjetdan mablag‘lar berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

 Ssudani qaytarish

Ssudani qaytarish ssuda berish to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan muddatda, qoida tariqasida pul mablag‘lari bilan amalga oshiriladi.

Ssudalarni qaytirish ssudalarni berish to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan muddatlarda:

a) mablag‘larni o‘tkazish;

b) quyi turuvchi budjetlarga va davlat maqsadli jamg‘armalariga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan subvensiyalar, o‘tkazib beriladigan daromadlar, budjetlararo o‘zaro hisob-kitoblar va dotatsiyalar evaziga o‘zaro hisobga olish;

v) ish haqini to‘lash, ijtimoiy ehtiyojlarga ajratmalar, stipendiyalar, pensiyalar, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam, kompensatsiya to‘lovlari va nafaqalar to‘lash xarajatlari qoplanganidan so‘ng quyi turuvchi budjetlarning va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridan mablag‘larni so‘zsiz undirib olish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Olingan ssuda bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorliklarni to‘lash uchun mablag‘larni inkasso topshiriqnomalari asosida hisobdan chiqarish budjet tashkiloti xodimlariga ish haqini to‘lash, ish haqini hisoblash, stipendiyalar to‘lash, hudud bo‘yicha maqsadli tartibga soluvchi nafaqalar bo‘yicha birlamchi xarajatlar to‘liq qoplangandan so‘ng amalga oshiriladi.

Ssudalarni qaytarish muddatlarini uzaytirish

Ssudani qaytarish muddatlarini uzaytirish ssudani oluvchida uni belgilangan muddatlarda o‘z vaqtida qaytarish imkoniyatini istisno etadigan moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgan hollarda amalga oshiriladi.

Ssudani qaytarish muddatlarini uzaytirish ssudani berish uchun ushbu moddada belgilangan tartibda va shartlar asosida amalga oshiriladi.

Ssudani oluvchi tegishli moliya organiga ssudani qaytarish muddatlarini uzaytirish to‘g‘risidagi yozma so‘rov bilan qaytarish muddati tugashidan kamida besh ish kuni oldin murojaat etadi.

Ssudalarni qaytarish muddatlarini uzaytirish Nizomda ssuda berish uchun belgilangan tartibda va shartlarda rasmiylashtiriladi. Bunda ssuda berish to‘g‘risidagi shartnomaga qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Keyingi moliya yiliga ssudalarni qaytarish muddatlarini uzaytirishda, qaytarish muddatlari uzaytirilgan ssudalardan foydalanish uchun to‘lov belgilanishi mumkin. To‘lov hajmi (foiz stavkasi) ssuda beruvchi moliya organi rahbari tomonidan belgilanadi.

Ssuda oluvchilarning javobgarligi

Viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimlari hokimlari va moliya organlari rahbarlari, hamda davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organ rahbarlari ssuda berish to‘g‘risidagi so‘rovga taqdim etilayotgan hisob-kitoblarning to‘g‘riligi, xolisligi, va uning maqsadli ishlatilishi hamda o‘z vaqtida qaytarilishiga shaxsan javobgardirlar.

Ssudalardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Nizom talablarini buzgan aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top