20:37 / 25.12.2019
0
3513

Ernst & Young O‘zbekistonda sarmoyaviy konsultant litsenziyasini oldi

Ernst & Young (EY) kompaniyasiga O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozorida konsultativ xizmatlar ko‘rsatish uchun litsenziya berildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu litsenziya bilan EY O‘zbekiston aksiyadorlik jamiyatlariga qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bo‘yicha professional maslahat berish, qimmatli qog‘ozlar bozori va uning ishtirokchilarining holatini tahlil qilish hamda prognoz qilishda ishtirok etish imkonini beradi.

Bundan tashqari, tashkilot qimmatli qog‘ozlar bozorida mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, mijozlarning hisobotlarini tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ernst & Young`ga litsenziyani Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov 25 dekabr kuni Toshkentda, kapital bozorini rivojlantirishning 5 yillik strategiyasi muhokama qilingan tadbirda topshirdi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda sarmoya masalalari bo‘yicha konsultant litsenziyasiga ega 40dan ortiq kompaniyalar faoliyat yuritmoqda.

Ernst & Young – Deloitte, KPMG va PwC`lar qatorida «katta to‘rtlik»ka kiruvchi eng yirik auditorlik kompaniyalaridan sanaladi. Noyabr oyida KPMG ham O‘zbekistonda investitsion konsultant litsenziyasini olgan edi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top