22:06 / 25.12.2019
0
21486
Samarqandda IIB va prokuratura rasmiylari qidiruvdagi shaxslarning oila a'zolari bilan uchrashdi

Bugun, 25 dekabr kuni Samarqand shahar IIBda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Farhod Hasanov rahbarligida qidiruvda bo‘lgan fuqarolarning oila a'zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda qatnashgan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Farhod Hasanov, viloyat IIB boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari tergov departamenti boshlig‘i polkovnik Ramazon Ashrapov, Samarqand shahar prokurori Dilmurod Saidqulov jinoyat sodir etib, hozir chet elda bo‘lib turgan samarqandliklarning oila a'zolariga murojaat qilishdi.

Samarqand viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Farhod Hasanov so‘zga chiqib, o‘z ixtiyori bilan ortga qaytgan fuqarolarning jazolari yengillashtirilishi, bu har tomonlama ular uchun foydali ekanini aytdi.

Masalan, ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida boshqa mamlakatdan majburiy ushlab kelinishi fuqaroga har tomonlama qimmatga tushishi, avvalambor uning aybi yengillashmasligi, bundan tashqari chet elda o‘tkazilgan tadbirning xarajatini to‘lab berish majburiyati yelkasiga tushishi aytildi.

Ma'lum bo‘lishicha, yil boshidan buyon 37 nafar qidiruvda bo‘lgan samarqandlik fuqarolar o‘z ixtiyori bilan boshqa mamlakatdan qaytib kelgan. Aybi isbotlangan 40 nafar fuqaroning jazosi qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot choralariga o‘zgartirilgan.

«Albatta, jazo muqarrar, ammo o‘z ixtiyori bilan qaytib, aybini tan olganlarning jazosi yengillashtiriladi»,— dedi viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.

Uchrashuvda aytilishicha, ayni damda 600 nafardan ortiq samarqandliklar qidiruvda va ular Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Turkiya, AQSh hamda Yevropa mamlakatlarida yurishibdi. Boshqa mamlakatlarda amalga oshirilgan tadbirlar davomida 102 nafar shaxs qo‘lga olingani, ulardan 49 nafari Samarqandga olib kelingani ma'lum qilindi.

Bundan tashqari, 35 nafar samarqandlik fuqaro ayni damda Rossiyada ushlab turilgani qo‘shimcha qilindi.

Uchrashuv davomida viloyat IIB oila a'zolari bilan uchrashganidan so‘ng vatanga qaytgan samarqandliklar ham so‘zga chiqib, qolgan qidiruvdagilarni ham ortga qaytishga chorlashdi va ularning jazosi chindan yengillashtirilganini aytishdi. Ta'kidlash joiz, aksariyat qidiruvdagilar firibgarlik bilan ayblangan va ularga zarar to‘lab berilgan holatda qamoq jazosi qo‘llanmaydi. Bu borada Samarqand shahar IIB rasmiylaridan ham izoh oldik.

Samarqand shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Nabijon Egamberdiyevning aytishicha, qidiruvdagi fuqarolar ichki ishlar xodimiga ishonib ortga qaytsa, uning jazosi yengillashadi.

Nabijon Egamberdiyev

«Shu vaqtgacha ko‘plab odamlarga yordam berdik, bundan keyin ham shunday qilamiz. Axir ular o‘z fuqarolarimiz»,— dedi Egamberdiyev biz bilan suhbatda.

Yig‘ilish tugagach, barcha qatnashchilar viloyat IIB rahbariyati vakillari bilan yuzma-yuz gaplashishdi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi – Faxriddin Hotamov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top