12:33 / 25.12.2019
6
23161

Shifokorlar bemorlarga dori-darmon buyurish, tekshiruvlarga yuborishni «biznes»ga aylantirib yuborgan - Nig‘matilla Yo‘ldoshev

Foto: KUN.UZ

Bosh prokuraturada sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiya holatlari hamda ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda respublika bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma'ruza qildi.

«Achchiq bo‘lsa ham yana bir haqiqatni aytib o‘tishimiz lozim. Shifokorlarimiz bemorlarga dori-darmon buyurishda, ixtisoslashgan tekshiruvlarga yuborishda xolis tavsiya berish o‘rniga, bu jarayonni tom ma'noda “biznes”ga aylantirib yuborganligi aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Misol uchun,  “ferveks”, “elevit”, “vitrum”, “azimak”, “aktovegin”, “flunol” kabi dorilarni buyurish uchun tadbirkorlar shifokorlarga haq to‘layotganligi haqida ko‘plab   tezkor   ma'lumotlar   kelib   tushmoqda.

Eng xavflisi, dori sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan mijoz yuborganligi uchun “ulush” olayotgan ayrim shifokorlarimiz zarurati bo‘lmagan dori vositalarini ham buyurmoqda. Bu borada vazirlik yoki soha mutasaddilari tomonidan biron-bir profilaktik ishlar olib borilmayotgani ham bor haqiqat.

Davolash ishlaridan maqsad – yurtimizni xorijda ishlab chiqarilgan, bo‘lar-bo‘lmas dori vositalari o‘tkaziladigan bozorga aylantirish emas, balki tom ma'noda aholi salomatligini asrash bo‘lishi kerak.  Buni soha mutasaddilari   qachon tushunib yetadi?» - dedi bosh prokuror.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top