12:13 / 25.12.2019
0
5983

So‘nggi ikki yilda tekshirilgan 1591ta tibbiy muassasaning 82 foizida moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlangan

Foto: KUN.UZ

Bosh prokuraturada sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiya holatlari hamda ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda respublika bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma'ruza qildi.

«Budjet mablag‘larining sarflanishi, o‘zaro hisob-kitob, 
pulli xizmat ko‘rsatish jarayonidagi tizimli kamchilik va nuqsonlar ham sohadagi asosiy korrupsiyaviy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

E'tibor bering. Davlat moliyaviy nazorat departamenti tomonidan so‘nggi ikki yilda tekshirilgan 1.591 ta tibbiy muassasaning 1.311 tasi yoki 82 foizida moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlangan. Faqat jinoyat ishlari bo‘yicha qariyb 92 mlrd. so‘m budjet va boshqa mablag‘lar tolon-toroj qilinganligi ma'lum bo‘ldi.

Vazirlikning Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tomonidan aniqlanayotgan moliyaviy qonunbuzarliklar ham yildan yilga ortmoqda.

Jumladan, mazkur xizmat tomonidan 2018 yilda 8,2 mlrd. so‘m sarflanishida moliyaviy qonun buzilishlar aniqlangan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 3 barobarga ortib, 26,7 mlrd. so‘mni tashkil qildi.

Vaholanki, sohani o‘zini o‘zi moliyalashtirishning yagona manbai – pullik tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan, intizom va tartib bo‘shashib ketgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazi ayrim mansabdor shaxslari bank xodimlari, jami 12 nafar shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, 15,3 mlrd. so‘mni o‘zlashtirganliklari   aniqlandi.

Shundan, e'tibor bering, pullik xizmatdan tushgan 13,2 mlrd. so‘m bankka topshirilmasdan, 1,1 mlrd. so‘m esa, xodimlarning ish haqlari g‘aznadan   ochiqdan-ochiq o‘zlashtirilgan. Bu ham yetmaganidek, amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar hamda yetkazib berilmagan jihozlar uchun 636 mln. so‘m o‘tkazilib, suv va havodek zarur mablag‘ talon-toroj qilingan. Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 5 nafar mas'ul mansabdor shaxs qamoqqa olindi.

Bundan tashqari, vazirlik “Tibbiyot-qurilish” injiniring korxonasining ba'zi mansabdor shaxslari tibbiy muassasalarda amalda bajarilmagan qurilish ishlari, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hamda moliyaviy yordam vaji bilan 2,3 mlrd. so‘m o‘tkazib, mablag‘larni qo‘lga kiritishgan. Bu holat yuzasidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergov o‘tkazishni boshlanganidan so‘ng, qisqa muddatda 1 mlrd. so‘mdan ortiq zarar qoplandi.

Eng tashvishlisi, bunday holatlarga vazirlik ham, budjet nazoratiga mas'ul idoralar ham “ko‘z yumib”, sukut saqlashni ma'qul ko‘rishgan. Kim bu ishlarga aralashgan yoki rahnamolik qilgan bo‘lsa, tergov jarayonida barchasining javobgarlik masalasi, albatta, hal qilinadi», - deydi N. Yo‘ldoshev.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top