09:32 / 25.12.2019
0
6281
Tibbiy yordam ko‘rsatish darajasiga bog‘liq ravishda shifoxonaga yotqizishga ko‘rsatmalarni aniqlash tartibi qanday?

Tibbiy yordam ko‘rsatish darajasiga bog‘liq ravishda shifoxonaga yotqizishga ko‘rsatmalarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi.

Muhokama uchun joylashtirilgan hujjatga ko‘ra, nizomning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga saqlanadigan yoki imtiyozli shaxslar toifasi uchun ko‘rsatilgan tibbiy yordam uchun to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan tuman, viloyat va respublika miqyosidagi tibbiyot tashkilotlariga tatbiq etiladi.

Nizomning amal qilishi shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibiga tatbiq etilmaydi.

 Tibbiy yordam ko‘rsatish darajasiga bog‘liq ravishda shifoxonaga yotqizishga ko‘rsatmalarni aniqlash va tuman (shahar) yoki viloyat darajasidagi tegishli tibbiyot tashkilotlariga yo‘llanma (order) rasmiylashtirish tartibi

 Imtiyozli toifaga kiruvchi mijozlarni shifoxonaga yotqizishga ko‘rsatmalarni aniqlash uchun qishloq vrachlik punktlari, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalarining umumiy amaliyot vrachlari umumiy ko‘rikdan keyin klinik-laborator (umumiy qon tahlili, umumiy siydik tahlili, bioximik tahlillar) tekshiruvlarni amalga oshiradi.

Shifoxonaga yotqizishga ko‘rsatmalarni aniqlash uchun umumiy amaliyot vrachi mijozlarni tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasining ixtisoslik bo‘yicha mutaxassisiga yo‘llaydi.

Tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasining ixtisoslik bo‘yicha mutaxassisi mijozni tibbiy ko‘rikdan va kerakli klinik-laborator hamda instrumental tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Qo‘yilgan tashxis va tasdiqlangan standartlarga muvofiq, mijozni shifoxonaga yotqizib davolashga ko‘rsatmalar aniqlanmagan taqdirda, u tavsiyalar (lozim topilganda ambulator davolash) rejasi bilan yashash joyi bo‘yicha umumiy amaliyot vrachi nazoratiga qaytariladi.

O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, mijozni yotqizib davolashga ko‘rsatmalar aniqlanganda, u tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi qoshida tashkillashtirilgan tibbiy-tanlov komissiyasiga mijozni yotqizib davolash maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa kiritadi. Bunda mijozning ambulator kartasiga tegishli yozuv kiritilgan holda, o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari ilova qilinadi.

Tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika qoshida ro‘yxatga muvofiq tashkil qilingan tibbiy-tanlov komissiyasi tomonidan ixtisoslik bo‘yicha mutaxassis xulosasi asosida mijozning tibbiy hujjatlari (ambulator karta), laborator va instrumental tekshiruvlar natijalari o‘rganib chiqiladi. Bunda mijozni shifoxonaga yotqizib davolashga ko‘rsatmalar tasdiqlansa, bu haqda ko‘rsatilgan shakldagi xulosa rasmiylashtiriladi.

Keltirilgan shakldagi jurnalda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va unga tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi (Toshkent shahrida – Toshkent shahar shifoxonasi)ning tegishli bo‘limi yoki viloyat (Toshkent shahar) darajasidagi tibbiyot tashkilotiga ko‘rsatilgan shakldagi maxsus yo‘llanma (order) rasmiylashtiriladi.

Yo‘llanma (order) olish uchun bemor quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

pasport nusxasi (bolalar uchun tug‘ilganlik haqida guvohnoma yoki pasport va otasi yoki onasining pasport nusxasi);

tekshiruvlardan o‘tish yoki yotib davolanish to‘g‘risida mutaxassis xulosasi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 oktyabrdagi PF – 5216-son Farmonida ko‘rsatilgan Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat.

Ro‘yxatda ko‘rsatilgan barcha hujjatlar taqdim qilingandan keyin, bemor to‘g‘risidagi tibbiy ma'lumotlar elektron yullanma berish tizimiga, ya'ni bemorlarning integratsiyalangan yagona elektron ma'lumotlar bazasiga kiritiladi.

Mijozni viloyat darajasidagi tibbiyot tashkilotlariga tibbiy yordam (tekshirish va davolash) uchun yuborishga ko‘rsatmalar aniqlangan, ammo joriy vaqt oralig‘i uchun ajratilgan yo‘llanmalar qolmagan (mavjud bo‘lmagan) taqdirda, mijoz mazkur tartibning ko‘rsatilgan shaklda rasmiylashtirilgan elektron jurnalga navbatga qo‘yiladi, yo‘llanmalar berishning elektron tizimida, bemor o‘z navbatining holatini ishlab chiqilgan yagona raqam orqali shaxsiy kabinetiga kirib kuzatishi mumkin.

Bunda mijozga navbatga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi, navbat raqami, yo‘llanma berish sanasi ko‘rsatilgan ma'lumotnoma beriladi.

Bunda navbat tartib raqamiga rioya qilmagan holda order berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bemor tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan berilgan yo‘llanma bilan ixtisoslik bo‘yicha viloyat (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar) darajasidagi tibbiyot tashkilotining qabul bo‘limiga murojaat qiladi va o‘rnatilgan tartibda tegishli bo‘limga yotqiziladi.

Mijoz shifoxonadan chiqarilayotganda unga kasallik tarixidan (statsionar sharoitdagi bemorning tibbiy bayonidan) ko‘chirma beriladi. Mazkur hujjatda bemorga o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari, qo‘yilgan tashxis, o‘tkazilgan davo muolajalari va ularning samaradorligi, shuningdek keyingi davo rejasi va tavsiyalar batafsil bayon qilinadi.

Shifoxonada tekshirish va davolanish davomida mijoz kasalligini aniqlash maqsadida yuqori texnologiyali usullar yordamida tekshiruv va davolashga ko‘rsatmalar aniqlangan taqdirda, mijoz viloyat tibbiyot tashkiloti (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tibbiyot tashkiloti, Toshkent shahrida–tuman tibbiyot birlashmasi) tarkibida tashkil qilingan tibbiy-tanlov komissiyasiga yuboriladi. Bunda mijozning kasallik tarixidan berilgan ko‘chirmaga tavsiya qilingan respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotining nomi, zarur tekshiruv usullari va davo muolajalari to‘g‘risida tavsiyalar bayon qilinadi.

Respublika darajasidagi tegishli tibbiyot tashkilotlariga yo‘llanma (order) rasmiylashtirish tartibi

Viloyat tibbiyot tashkiloti (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tibbiyot tashkiloti, Toshkent shahrida – tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi) tarkibidagi tibbiy-tanlov komissiyasi mijozning tibbiy hujjatlari (kasallik tarixidan ko‘chirma), ixtisoslik bo‘yicha mutaxassis tavsiyalarini o‘rganib chiqqan holda, unga respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotiga yo‘llanma berish masalasini ko‘rib chiqadi.

Tibbiy-tanlov komissiyasi tomonidan mijoz tasdiqlangan standartlar asosida respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotida tibbiy yordam (tekshirish va davolash)ga muhtoj deb topilganda, unga ko‘rsatilgan shakldagi xulosa to‘ldiriladi va tasdiqlangan shakldagi jurnalda ro‘yxatdan o‘tkazilib, yo‘llanma (order) rasmiylashtiriladi.

Mijozni respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlariga tibbiy yordam (tekshirish va davolash) uchun yuborishga ko‘rsatmalar aniqlangan, ammo joriy vaqt oralig‘i uchun ajratilgan yo‘llanmalar qolmagan (mavjud bo‘lmagan) taqdirda, mijoz ko‘rsatilgan shaklda rasmiylashtirilgan elektron jurnalga navbatga qo‘yiladi, rasmiylashtirilgan elektron jurnalga navbatga qo‘yiladi, yo‘llanmalar berishning elektron tizimida, bemor o‘z navbatining holatini ishlab chiqilgan yagona raqam orqali shaxsiy kabinetiga kirib kuzatishi mumkin.

Bunda mijozga navbatga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi, navbat raqami, yo‘llanma berish sanasi ko‘rsatilgan ma'lumotnoma beriladi.

Bunda navbat tartib raqamiga rioya qilmagan holda order berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar bemordagi kasallikni viloyat miqyosidagi shifoxonalarda davolab bo‘lmasa tuman tibbiy tanlov komissiyasi bemorni tegishli tibbiyot tashkilotlari qoshidagi tibbiy tanlov komissiyalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llaydi.

Bundan tashqari, bemor o‘zi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning viloyat filiallaridan, Respublika va viloyat miqyosidagi klinikalardan tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan bo‘lsa va Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yoki Respublika miqyosidagi klinikalarga yotib davolanish uchun rasmiy xulosa berilgan bo‘lsa bemor to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli viloyat tibbiy tanlov komissiyalariga murojaat qiladi.

Zarurat bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va hududiy sog‘liqni saqlash boshqaruv organlari mijozlarning imtiyozli toifasini bepul tibbiy yordam olish uchun o‘zining idoraviy mansub tibbiyot muassasalariga yo‘naltirishi mumkin. Imtiyozli toifaga kiradigan mijozlarni shifoxonaga yotqizish maqsadga muvofiqligi haqidagi qaror tibbiyot tashkilotining tibbiy-tanlov komissiyasi tomonidan aniqlanadi.

Respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlarida mijozlarga o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan standartlarga mos ravishda tibbiy yordam ko‘rsatiladi va mazkur tibbiy yordam uchun xarajatlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘rnatilgan tartibda qoplab beriladi.

Yo‘llanmalarning ishlatilishi bo‘yicha hisobot taqdim etish tartibi

Yo‘llanmalarning ishlatilishi bo‘yicha tuman tibbiyot birlashmalaridan hududiy sog‘liqni saqlashning boshqaruv organlariga (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari) chorakdan keyingi birinchi oyning 5-sanasigacha, hududiy sog‘liqni saqlashning boshqaruv organlaridan Sog‘liqni saqlash vazirligiga har oyning 10-sanasigacha choraklik hisobot taqdim etiladi.

Yo‘llanmalarning ishlatilishi bo‘yicha viloyat darajasidagi tibbiyot tashkilotlaridan hududiy sog‘liqni saqlashning boshqaruv organlariga, respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlaridan Sog‘liqni saqlash vazirligiga chorakdan keyingi birinchi oyning 10-sanasigacha choraklik hisobot taqdim etiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top