10:00 / 26.12.2019
0
4706

«Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJda elektron kutubxona tashkil etildi

Kitob o‘qigan millatning tafakkuri keng, maqsadi yuksak bo‘ladi. Shu orqali millat ulkan marralarga yetishadi. Shu sabab bugungi kunda jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda, ushbu masalaga oid muhim farmon va qarorlar qabul qilindi.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta tashabbusning ko‘lami va ahamiyati beqiyosdir.

Ana shu tashabbuslarni yurtimiz bo‘ylab tizimli ravishda hayotga joriy etish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish borasida «Buxoro HETK» AJda qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bu yerda kompyuter texnologiyalaridan foydalanilib, energetika sohasi hamda elektr qurilmalarni ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi va yong‘in xavfsizligi qoidalarini o‘zida mujassam etgan kitoblardan iborat elektron kutubxona yaratildi. Shu bilan birgalikda  elektron kutubxona foydalanuvchilariga qulaylik yaratish maqsadida Android operatsion tizimida ishlovchi smartfonlar uchun mobil ilova ham ishlab chiqildi.

Mobil ilovani yuklab olganingizdan so‘ng QR-kodli elektron kutubxonadan kerakli kitob tanlanadi va aynan shu kitobga tegishli QR-kod smartfon kamerasi orqali skaner qilinadi.

Identifikatsiya jarayonidan keyin smartfon ekranida tanlangan elektron kitobni yuklash uchun giperhavola paydo bo‘lib, ushbu havolani brauzerda ochish orqali elektron kitobni smartfonda o‘qish hamda kelgusida undan foydalanish maqsadida smartfon xotirasiga yuklab olish mumkin.

«Buxoro HETK» AJ matbuot xizmati

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top