21:45 / 26.12.2019
0
34300
Ko‘rish bilan muammolar paydo bo‘lganini bildiruvchi kutilmagan 10 alomat

Ko‘rishingiz xiralashib borayotgan bo‘lsa, ko‘zingizda muammolar paydo bo‘lgan. Bu hammaga tanish fakt. Biroq, ko‘rish qobiliyati yomonlashib borayotganining boshqa alomatlari qanday aniqlanadi?

Quyida yoshga doir tabiiy o‘zgarishlarni ko‘z kasalliklaridan farqlash va muammoni vaqtida aniqlash haqida so‘z yuritiladi.

Ko‘rish muammolarining alomatlari

Ko‘z yallig‘lanishi

  • Ko‘z qizaradi va qichishadi, qovoq sohasida shish kuzatiladi. Ko‘zdan oqmalar oqadi, quriganda qotib qoladi.

Aksariyat odamlarda ushbu alomat kon'yunktivitdan darak beradi — qovoq va ko‘z usti pardasining allergiya va infeksiya (bakterial yoki virusli) bilan bog‘liq yallig‘lanishi. Kon'yunktivitda yaxshilab yuvinish, yostiq jildi va sochiqni almashtirish hamda bir kunga kontakt linza, tushdan voz kechish yetarli. Alomatlar va yoqimsiz hislar 24 soat ichida o‘tib ketishi kerak. Agar o‘tib ketmasa, shifokorga murojaat qiling.

Agar kon'yunktivit belgilariga nurga nisbatan ta'sirchanlik, ko‘zda suzib yuruvchi qora dog‘lar, ko‘z oldida tuman va ko‘rishning susayishi qo‘shilsa, sizda uveit kasalligi bor desa bo‘ladi — ko‘z tomir pardasi yallig‘lanishi. Bu kon'yunktivitga nisbatan jiddiy holat, shuning uchun ham shifokor qabulini kechiktirish mumkin emas.

Ko‘z ichi tomirlari bilan bog‘liq muammolar

  • Ko‘zlar oldida «ko‘r dog‘» (ko‘zning yorug‘likni sezmaydigan qismi), suzuvchi dog‘lar, iplar yoki chaqmoqlar paydo bo‘ladi;
  • ko‘rish kun davomida o‘zgarib turadi — bir yaxshilanadi, bir yomonlashadi, keskin pasayadi yoki butunlay yo‘qoladi; 
  • ranglarni ajrata olish qobiliyati pasayadi. 

Ko‘zni qon bilan ta'minlaydigan tomirlar aziyat chekishi mumkin, masalan, 1 yoki 2-toifa diabet sababli — bu diabetik retinopatiya deb ataladi. Agar alomatlar e'tiborga olinmasa va o‘z vaqtida oftalmologga murojaat qilinmasa, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish xavfi mavjud. 

Optik asab muammosi

  • «Tunnelsifat ko‘rish» — bu ko‘rish maydonining markazidagi obektlar aniq, yondagi narsalar esa sust ko‘rinuvchi effekt. O‘ng yoki chapda nima borligini ko‘rish uchun boshni burishga to‘g‘ri keladi;
  • ko‘z oldi tumanlashishi ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i bilan bir vaqtda paydo bo‘ladi; 
  • agar olovga, masalan, ko‘cha chiroqlariga qaraganda, ularning atrofida oreollar (yorug‘ doira) paydo bo‘ladi.

Optik asab bilan bog‘liq muammolar ko‘pincha 60 yoshdan oshgan insonlarda kuzatiladi va haddan tashqari baland ko‘z ichi bosimi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin — bu glaukoma deb ataladi. Yoshlarda optik asab jarohati, infeksiyalar yoki tarqoq skleroz kabi autoimmun kasalliklar tufayli azob chekishi mumkin. O‘z vaqtida ko‘rilmagan choralar va shifokor bilan maslahatlashmaslik oqibatida, glaukoma tufayli ko‘zni yo‘qotish mumkin.

Ko‘z to‘r pardasi muammolari

  • To‘g‘ri chiziqlar egri ko‘rinadi, ranglar esa xira;
  • ko‘rish maydonining markazida ko‘rish yomonlashadi — qog‘ozdagi yoki ekrandagi so‘zlar loyqa ko‘rinadi. Yuzlarni tanib olish qiyinlashadi. 

Ko‘z to‘r pardasi muammolari aniq bo‘lmagan sababga ko‘ra odatda 50 yoshdan keyin kuzatiladi. Gap irsiyat va chekish kabi turmush tarziga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Qoida tariqasida, avvalo to‘g‘ri qaraganda aniq ko‘rishga javobgar bo‘lgan to‘r pardasi sohasi yemirila boshlaydi, u yoshga bog‘liq sariq dog‘ (ko‘z to‘rpardasining ko‘rish nervi oldidagi eng sezgir joyi) degeneratsiyasi deb ataladi. Bunday holda, iloji boricha tezroq shifokorga murojaat qilish va turmush tarzini o‘zgartirish haqida o‘ylash muhim — chekishni to‘xtating va ovqatlanishni me'yoriga keltiring.

Ko‘zning ustki linzasi ya'ni muguz qavati bilan bog‘liq muammolari

  • Ko‘rish xiralashadi va tuman bosgandek ko‘rinadi.

Muguz qavati keyinchalik olingan jarohat, irsiy kasalliklar yoki shunchaki yoshga doir o‘zgarishlar sababli xiralashishi mumkin — bu katarakta deb ataladi. Kataraktaning oldini olish ilojsiz. Faqatgina jarrohlik amaliyoti orqali davolash mumkin, unda xiralashgan tabiiy muguz qavati sun'iysi bilan almashtiriladi. Shuningdek, kataraktada mutaxassis bilan maslahatlashish o‘ta muhim: ba'zi insonlarda katarakta sekin rivojlanadi va undan operatsiyasiz qutulish mumkin.

Foto: shutterstock.com

Yoshga doir o‘zgarishlar 

Yosh o‘tishi bilan organizmimiz o‘zgaradi — u nafaqat tana, teri va sochga, balki ko‘zga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. O‘ttiz yoshli insonlar dunyoga 16-17 yoshli o‘smirdek nazar sola olmaydi. Ammo bu odatiy me'yor bo‘lib, jiddiy kasallik boshlanganidan dalolat bermaydi.

Yoshga doir o‘zgarishlarning kasalliklardan farqi shundaki, ular vaqti kelishi bilan har bir odamda rivojlanadi. Ularni davolash shart emas, buning iloji ham yo‘q — axir bu, aytganimizdek, kasallik hisoblanmaydi. Ammo ushbu o‘zgarishlar yashashga xalaqit qilsa, oddiy layfxaklar orqali ularni to‘g‘irlash mumkin.

Nurga nisbatan ta'sirchanlik ortadi. Yosh o‘tishi bilan quyosh nurlarining qor va ko‘lmaklarda aks etishi yoshlik chog‘iga qaraganda ko‘proq ko‘zni qamashtira boshlaydi. Masalan, mashina haydash vaqtida bu sizga xalaqit bermasligi uchun antishu'la ta'sirga ega qoplamali ko‘zoynak sotib olishingiz mumkin. 

Yorug‘likka nisbatan talab kuchayadi. Vaqt o‘tgani sayin ko‘pchiligimizga uy ishlarini bajarish uchun ko‘proq yorug‘lik kerak bo‘ladi. Keksa odam kitob o‘qish, tikish yoki to‘qish uchun yoshlarga qaraganda 3-4 barobar ko‘proq yorug‘likka muhtoj. Kuchli yorug‘lik tarqatadigan lampa yordam beradi. 

Turli yorug‘likka moslashish ko‘proq vaqt talab etadi. Ya'ni inson qancha qarigani sari yer osti yo‘lidan yorug‘ ko‘chaga chiqishda shuncha qiyinchilikka duch keladi. Hech kimga urilib ketmaslik yoki falokatga uchramaslik uchun, ko‘zlarga 30-40 soniya vaqt berish kerak. Shunda hammasi o‘z o‘rniga qaytadi.

Foto: shutterstock.com

Kontrastga nisbatan sezgirlik pasayadi. Oq devor fonida turgan oq yostiqni payqash kattalarda bolalarga nisbatan ko‘proq qiyinchilik tug‘diradi, ayniqsa u foto yoki suratda ifodalangan bo‘lsa. Odatda bu vaziyat hayot sifatiga ta'sir ko‘rsatmaydi. Ammo agar siz yo‘qolgan narsani uzoq vaqt qidirishdan zerikkan bo‘lsangiz, shippak, taroq va telefon kabi uy buyumlarining yorqin tusdagisini tanlang.

Ko‘rish fokusi pasayadi. Yillar o‘tishi bilan fokuslarni uzoq obektlardan yaqinlariga va aksincha o‘zgartiradigan ko‘z mushaklari asta-sekin o‘z egiluvchanligini yo‘qotadi. Shuning uchun, 40 yoshdan oshgan aksariyat odamlar o‘qish uchun ko‘zoynakka muhtoj. 

Rang sezgirligi pasayadi. Bolaga qaraganda kattalar uchun ma'lum bir rang turlarini farqlash qiyinroq. Keksa odam to‘q ko‘kni jigarrang yoki qora bilan chalkashtirishi mumkin. Buning hech qanday yomon joyi yo‘q, ammo uy sharoitida boshqa odam yordamiga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin.

Xulosa

Ko‘z muammolaridan darak beradigan ko‘plab alomatlar mavjud. Ammo ularni yoshga bog‘liq o‘zgarishlar bilan adashtirmaslik kerak. Haqiqiy ko‘rish muammolarini aniqlashning eng oson usuli — muntazam ravishda oftalmolog tekshiruvidan o‘tish. To‘satdan yomonlashgan ko‘rish qobiliyatida yoki og‘riqda darhol tibbiy yordam so‘rash zarur.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top