23:21 / 26.12.2019
0
47122

Xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarolari soni ma'lum qilindi

Bugun, 26 dekabr kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Ichki ishlar organlarida xalqaro hamkorlikni tashkil etish faoliyati va Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi milliy markaziy byurosi» mavzusida tadbir o‘tkazildi. Unda IIVning xalqaro hamkorlik boshqarmasi va Interpolning O‘zbekistondagi milliy markaziy byurosi rahbarlari ishtirok etishdi.

Interpol Milliy markaziy byurosi, axborotlarga tezkor ishlov berish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Olimxon Ergashev O‘zbekistonning qancha fuqarosi xalqaro qidiruvga berilgani va boshqa sohaga oid ma'lumotlarni ma'lum qildi.

«Xalqaro hamkorlik natijasida 2017-2019 yillarda 1 ming 402 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan. Ular, asosan, firibgarlik, o‘g‘rilik, bosqinchilik jinoyatlarida gumonlangan. Joriy yilning 11 oyida turli jinoyatlarni sodir etgani uchun respublika huquqni muhofoza qiluvchi organlari tomonidan qidirilayotgan 588 nafar shaxs xorijiy davlatlarda qo‘lga olingan. Ayni vaqtda 1 ming 700 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi xalqaro qidiruvga berilgan hamda ularning ko‘pchilik qismi terrorizm, odam savdosi kabi og‘ir jinoyatlarda ayblanmoqda. Shu bilan bir qatorda, O‘zbekistonga ham xalqaro qidiruvdagi chet el fuqarolari kirib keladi. 2 yil davomida 27 nafar xorij fuqarolari shu yerda ushlandi. Ular Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Ukraina va Turkiya fuqarolari bo‘lib, 90 foizi firibgarlik bilan gumonlangan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ergashevning qo‘shimcha qilishicha, qidiruvdagi shaxslarni ushlashda quyi tizimdan gumondorning qaysi davlatda ekanligi haqida taxminiy ma'lumotlar olinadi. Keyin o‘sha davlatda ichki ishlar organlari bilan bog‘laniladi va ular qidiruvni amalga oshirishadi. Gumondor ushlangandan keyin O‘zbekiston ichki ishlari organlariga xabar qilinadi. Xalqaro talabga ko‘ra, ehtiyot chorasi sifatida qo‘lga olingan shaxs 1 oy qamoqda ushlab turiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top