07:09 / 27.12.2019
0
7125

Maktabgacha ta'lim vaziri 2019 yil uchun tizimdagi eng murakkab bo‘lgan holatni ma'lum qildi

2019 yilda maktabgacha ta'lim muassasalariga yo‘llanma olish bo‘yicha elektron navbatlar algoritmining o‘zgartirilishi bilan 1 millionga yaqin navbatda turgan bolalarning soni 480 mingga tushirilgan. Bu haqida Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin vazirlik faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma'lumot berdi.

«Biz uchun 2019 yilda eng murakkab vaziyat bu MTTlarga yo‘llanma olish bo‘yicha elektron navbatlar algoritmining o‘zgartirilishi bo‘ldi. Mazkur parametrlar o‘zgartilirilishining asosiy sababi inson faktorining jarayonga aralashuvini cheklashdan iborat. Buning bilan ariza topshirishdagi qo‘pol xatolar uchrashi holatlari ham kamayadi», deya qayd etdi Agrippina Shin.

Shuningdek, Maktabgacha ta'lim vazirining qayd etishicha, mazkur algoritm hozir sinov holatida bo‘lib, uning ustida milliy va xorijlik dasturchilar ishlamoqda.

«Hozir elektron navbat tizimi ancha shaffoflashdi va zamonaviylashdi. Maktabgacha ta'lim vazirligi sayti orqali ham istalgan MTT holati va unda qaysi yoshdagi qancha bola tarbiyalanayotgani, qancha tarbiyachilari borligi va o‘sha MTT uchun qaysi yoshdagi qancha bola navbatda turgani haqida ma'lumot olish mumkin», - deya qo‘shimcha qildi Maktabgacha ta'lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i Hindor Madraimov.

Uning ta'kidlashicha, ayni paytda saralangan va haqiqatan MTTga yo‘llanma olish uchun navbatda qoldirilgan 480 ming arizaning yarmidan ko‘pi hali maktabgacha ta'lim yoshiga yetmagan bolalar uchun to‘ldirilgan.

«Bunda ko‘pchilik hali bir yoki ikki yoshli bolasini ham navbatga kiritishgan. Bu, albatta, bizni quvontiradi. Chunki elektron navbat bu -maktabgacha ta'limga bo‘lgan talabni ko‘rsatuvchi asosiy ko‘ratkich», deydi Hindor Madraimov. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top