13:29 / 27.12.2019
1
41658

Markaziy bank ikkita bankni jarimaga tortdi 

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank «Ipoteka-bank» va «Agrobank»ni jarimaga tortdi. Bu haqda MB xabarida aytiladi.

Qayd etilishicha, bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga kelib tushayotgan murojaatlarning tahlili ayrim banklar tomonidan mijozlarga bank xizmatlarini ko‘rsatishda qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari mavjudligini ko‘rsatmoqda.

«Ipoteka-bank» bilan fuqaro D.N. o‘rtasida 2018 yilda uy-joy sotib olish maqsadida kredit shartnomasi tuzilgan bo‘lib, ushbu ipoteka krediti qarz oluvchiga yillik 9 foiz stavka bilan ajratilgan. Biroq, Ipoteka-bank kredit shartnomasi shartlariga amal qilmasdan, qarz oluvchiga kreditdan foydalanganligi uchun yillik 16 foiz stavkasida foiz hisoblagan. 

Bundan tashqari, «Agrobank» tomonidan fuqaro A.O.ga tegishli bo‘lgan bank kartasi orqali operatsiyalar amalga oshirilishi asossiz ravishda to‘xtatib qo‘yilgan va ushbu fakt haqida fuqaroga xabar berilmagan. 

Markaziy bank tomonidan iste'molchilarning huquqlarini tiklash bilan bir qatorda ularning huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan banklarga nisbatan ham javobgarlik choralari ko‘rilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Bank xizmatlari ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar uchun «Ipoteka-bank» va «Agrobank»dan O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunining 57-moddasiga muvofiq jarima undirildi.

Bank xizmatlari iste'molchilari o‘z huquq va qonuniy manfaatlari banklar tomonidan buzilgan taqdirda Markaziy bankning Bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 200-00-44 raqamli ko‘p kanalli yagona «Ishonch telefoni» orqali murojaat etishlari mumkinligi bildirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top