12:18 / 28.12.2019
0
3302

Idoralararo tarif komissiyasining asosiy vazifalari belgilandi

Foto: KUN.U

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
 
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi 2018 yil oktabr oyida tashkil etilgan. Nizom uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
 
Norma’ning yozishicha, komissiya quyidagi tovar va xizmatlar bo‘yicha tartibga solinadigan tariflarni (ustamalarni) ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi:

ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr va issiqlik energiyasi;

taqsimlovchi tashkilotlar tomonidan elektr energiyasini taqsimlash va sotish;

“O‘zbekneftgaz” AJ va “Sho‘rtan GKM” MChJ tomonidan respublika ichida sotiladigan tabiiy gaz, neft va gaz kondensati;

qazib chiqaruvchi va/yoki qayta ishlovchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan hamda aholiga va ijtimoiy soha obektlariga maishiy iste'mol uchun yetkazib berishga mas'ul tashkilotlarga sotiladigan suyultirilgan gaz;

komissiya shartnomalari bo‘yicha respublika iste'molchilariga tabiiy gaz yetkazib berishga mas'ul tashkilotlarning vositachilik haqi;

transport, shuningdek, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining tabiiy monopoliya sharoitlarida ishlab chiqariladigan (ko‘rsatiladigan) tovarlari (xizmatlari).
 
Komissiya tomonidan tartibga solinadigan tariflar (ustamalar) sxemaga asosan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
 
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

davlat boshqaruvi organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlarning tariflar shakllantirilishini tartibga solish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda samarali hamkorligini ta'minlash;

uy-joy kommunal xo‘jaligi, energetika va transport sohalarida iste'molchilar, ishlab chiqaruvchilar, tartibga solinadigan faoliyatni amalga oshiradigan tashkilotlar manfaatlari va ijtimoiy ahamiyatga molik manfaatlar muvozanatini ta'minlovchi tarif siyosatining amalga oshirilishini ta'minlash;

energetika va transport, shuningdek, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarida tariflar shakllantirilishini tartibga solish sohalarida davlat siyosatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar tayyorlash;

tartibga solinadigan faoliyatni amalga oshiradigan tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etishda ishtirok etish.
 
Komissiya tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Komissiya faoliyatiga Komissiya yig‘ilishini olib boradigan rais boshchilik qiladi. Komissiya o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va zarurat tug‘ilganda, shu jumladan tartibga solinadigan faoliyatni amalga oshiradigan tashkilotlar murojaat qilganda yig‘ilish o‘tkazadi. Kiritilgan materiallarni ko‘rib chiqib, qaror qabul qilishga 30 kun beriladi. Komissiya yig‘ilishi, agar unda a'zolarning kamida yarmi qatnashsa vakolatli hisoblanadi. Komissiya vaqtincha ishchi guruhlar tashkil qilish va ularga ekspertlarni jalb qilishi mumkin.
 
Komissiya qarori ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi va yig‘ilishda ishtirok etgan a'zolari umumiy sonining ko‘pchiligi ovoz berganda qabul qilingan hisoblanadi. Agarda ovozlar soni teng bo‘lib qolgan taqdirda, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
 
Komissiya qarori yig‘ilishda ishtirok etgan Komissiya a'zolari tomonidan imzolanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va rais tomonidan tasdiqlanadi. Komissiya a'zolari yig‘ilishda almashishi mumkin emas. Komissiya a'zolari alohida fikr bildirish huquqiga ega va bunday fikr yozma ravishda bayonnomaga ilova qilinishi lozim.
 
Moliya vazirligi Komissiyaning ishchi organi hisoblanadi, u Komissiya faoliyatini tashkiliy-texnik ta'minlaydi. Komissiya yig‘ilishi materiallari har bir Komissiya a'zosiga yig‘ilishgacha 5 kundan kam bo‘lmagan muddatda yetkazib beriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top