12:44 / 28.12.2019
0
4395

«O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish uchun xususiy sektorni kengaytirishi kerak» - Turkiya elchisi

Mehmet Sureyya Er / Foto: AOKA

O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish uchun xususiy sektorni kengaytirishi, innovatsion texnologiyalarga ko‘proq e'tibor qaratishi kerak, deya hisoblaydi Turkiya elchisi Mehmet Sureyya Er.

Mamlakatdagi to‘qimachilik sanoati istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida soha vakillari bilan bir qatorda Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er ham ishtirok etib, O‘zbekiston mazkur sohani rivojlantirish uchun nimalarga e'tibor qaratishi kerakligi bo‘yicha o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda to‘qimachilik sanoatini to‘laqonli modernizatsiya qilishga ehtiyoj mavjud.

“O‘zbekiston to‘qimachilikni rivojlantirish va jahon tekstil bozorida muhim aktyorga aylanish uchun yetarlicha moddiy va mehnat resurslariga ega. Faqatgina buning uchun zamonaviy texnologiyalar va innovatsion uslub rejimiga to‘liq o‘tish kerak. Sohada xususiy sektorning rolini oshirish darkor. Bu esa davlatning xayrixohligi bilan bo‘ladi”, ─ deydi elchi.

Mehmet Sureyya Er jahon to‘qimachilik bozorida yettinchi o‘rinni egallaydigan Turkiyaning sohadagi yutuqlari siri nimada ekanligini ma'lum qildi.

“Turkiya tekstil mahsulotlari eksportini 1980-yillardan boshlagan. Hozirda tekstil mahsulot va tayyor kiyim sotish bo‘yicha jahon bozorida 7-o‘rinni, to‘qimachilik uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha esa 16-o‘rinni egallaydi. Bunga sabab, mamlakat ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga o‘z vaqtida ahamiyat bergan. Hamma narsaning negizida ilm-fan yotadi. Ilmiy salohiyatni yuksaltirish, tadqiqotlarni rivojlantirish natijasida yangi matolar, zamonaviy texnologiyalar ishlab chiqish uchun imkoniyat yaraldi”, ─ deya ta'kidlaydi janob elchi.

Shuningdek, Mehmet Sureyya Er turk firmalari O‘zbekistonda soha rivoji uchun hissa qo‘shishga tayyorligini ta'kidlab o‘tdi.

“O‘zbekistonda ishlab turgan turk korxonalarining yarmidan ortig‘i to‘qimachilik va tayyor kiyim ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan. O‘zbekistonga yangi ishlab chiqarish uskunalarini olib kelish, boy tajriba bilan o‘rtoqlashish uchun doim tayyormiz. Tarmoq rivoji uchun muhim bo‘lgan nou-xau texnologiyalar olib kelinmoqda”, ─ deya qo‘shimcha qildi elchi.

Elchining ma'lum qilishicha, Turkiya milliy daromadining 6,6 foizini, eksport hajmining 18,8 foizini to‘qimachilik va tayyor kiyim mahsulotlari tashkil etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top