15:44 / 28.12.2019
0
20747
Shavkat Mirziyoyev «Navoiyazot»da barpo etilayotgan yangi korxonalar qurilishini borib ko‘rdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida barpo etilayotgan yangi korxonalar qurilishini borib ko‘rdi. 

Davlat rahbari matbuot xizmatiga ko‘ra, «Navoiyazot» AJ qariyb 9 ming ishchi-muhandis mehnat qiladigan, 70 dan ortiq noyob mahsulot ishlab chiqaradigan ulkan korxonadir. Uni modernizatsiya qilish, quvvatini kengaytirish maqsadida uchta yirik investitsion loyiha rejalashtirilgan edi.

Davlat rahbari shulardan ikkitasi – ammiak va karbamid hamda azot kislotasi ishlab chiqarish korxonalari qurilishini ko‘zdan kechirdi. 

Birinchi loyihaning umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lib, uning samarasida yiliga 660 ming tonna ammiak va 580 ming tonnadan ziyod karbamid olish imkoniyati yaratiladi. 500 ga yaqin ish o‘rni paydo bo‘ladi. Korxonani kelgusi yili ishga tushirish, yiliga 136 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. 

Yaponiyaning «Mitsubishi Heavy Industries» va «Mitsubishi Corporation» kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda qurilayotgan yangi korxonada zamonaviy texnologiyalar qo‘llanishi evaziga yiliga 735 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaladi, atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid gazlari miqdori ham kamayadi.

Prezident korxonaning ishchi va muhandislari bilan suhbatlashdi. Bunday ishlab chiqarish quvvatlari mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhimligini, yuqori samaradorligi bilan ko‘plab tarmoqlarga, xalqimizga katta manfaat keltirishini ta'kidladi. 

«Navoiyazot»da qurilayotgan yana bir yirik korxona – Azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasidir. Umumiy qiymati 217 million dollarga teng ushbu obekt Shveytsariyaning «CASALE SA» kompaniyasi bilan hamkorlikda bunyod etilmoqda.  

Bu korxona yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega bo‘ladi. Hozirgi kunda uskuna va jihozlar o‘rnatilib, qurilish-montaj ishlari yakunlanmoqda. Uni 2020 yil fevral oyida ishga tushirib, mart oyida birinchi mahsulot chiqarilishi rejalashtirilgan. 

Shu tariqa 55 yil oldin qurilgan, har tomonlama eskirgan azot kislotasi sexlari foydalanishdan chiqariladi. Eng muhimi, 1 tonna mahsulot ishlab chiqarish uchun elektr energiyasi sarfi 18 barobar kamayadi, havoni ifloslantiradigan 150 ming tonna miqdoridagi gazlar tutib qolinadi.

Davlat rahbari bu omil Navoiy viloyati ekologiyasi, havo musaffoligi, aholi salomatligi uchun g‘oyat muhimligini alohida ta'kidladi.

Prezident matbuot xizmati xabarida aytilishicha, dunyoda bu turdagi zavodlar faqat ikki davlatda – Fransiya va Chexiyada mavjud, «Navoiyazot»da barpo etilayotgani uchinchisi hisoblanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top