01:11 / 29.12.2019
0
8401

Bloomberg 2019 yilda dunyoning eng boy insonlari boyligi qanchaga ko‘payganini ma'lum qildi

Foto: Global Look Press

2019 yilda dunyodagi eng boy 500 nafar insonning boyligi 25 foizga ko‘paygan. Bloomberg Billionaires Index (BBI) ma'lumotiga ko‘ra, ular 1,2 trln dollarga ishlashgan va umumiy boyliklari 5,9 trln dollarga yetgan.

Louis Vuitton Moët Hennessy (LVMH) kompaniyalar guruhi prezidenti Bernar Arno boyligi o‘sishi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. Uning boyligi bir yil ichida 36,5 mlrd dollarga oshgan. U Bloomberg milliarderlar reytingida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Agentlik reytingidan joy olgan 172 nafar amerikalik milliarderning umumiy boyligi 500 mlrd dollarga oshgan. Masalan, Facebook rahbari Mark Tsukerberg 27,3 mlrd, Microsoft hammuassisi Bill Geyts 22,7 mlrd dollarga boyigan.

Qayd etilishicha, reytingdan Xitoyning 54 nafar vakili joy olgan. Maishiy texnika ishlab chiqaruvchi Midea Group kompaniyasi asoschisi Xe Syanszyanning boyligi 79 foizga o‘sib 23,3 mlrd dollarga yetgan.

Reytingdagi 52 nafar boylar uchun 2019 yil yo‘qotishlar bilan yakunlanmoqda. Ular orasida Amazon asoschisi Jyeff Bezos ham bo‘lib, u turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganidan so‘ng qariyb 9 mlrd dollar yo‘qotdi.

News Corp xo‘jayini Rupert Merdokning boyligi 10 mlrd dollarga kamaydi. U 21st Century Fox xoldingidagi Walt Disney kompaniyasi aktivlarining bir qismi sotuvidan tushgan daromadni olti nafar farzandiga taqsimlab berdi.

Interactive Brokers brokerlik kompaniyasi asoschisi Tomas Peterfi 2,1 mlrd dollar yo‘qotdi. Shuningdek, Adam Nyumak ham omadsizlar ro‘yxatidan joy oldi — uning WeWork kompaniyasi qiymati 47 mlrd dollardan 8 mlrd dollarga tushib ketdi. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top