09:27 / 29.12.2019
1
16387

G‘ijduvon dehqon bozori zamonaviylashtirildi

Foto: Viloyat hokimligi axborot xizmati

Butkul qaytadan bunyod qilingan zamonaviy dehqon bozori g‘ijduvonliklar uchun o‘ziga xos yangi yil sovg‘asi bo‘ldi. Tuman markazidagi yangi bozor barcha talablarga to‘la javob beradi.

Yangi dehqon bozorini to‘liq rekonstruksiya qilish va zamonaviy ko‘rinishga keltirish O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 27 martdagi “2017–2019- yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirildi.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “NBU BUNYODKOR INVEST” hamda “G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJ quruvchilari tomonidan eski tipdagi dehqon bozori zamonaviy savdo majmuasiga aylantirildi. Buning uchun 110 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Natijada 1864 ta savdo o‘rniga ega bo‘lgan ochiq pavilon va 3 ta ikki qavatli savdo do‘koni qurib foydalanishga topshirildi.

Yangilangan bozorda go‘sht, sut, baliq, meva-sabzavot, non, qandolat mahsulotlari sotishga mo‘ljallangan alohida pavilonlar, o‘zida barcha qulayliklarni yaratgan savdo rastalarida sotuvchilar xaridorlarga sifatli xizmat ko‘rsatmoqdalar.

– Avvallari bozorlarimizda bunday sharoitlar bo‘lmagan, – deydi Obid ota Teshayev. – Sotuvchilar ta’mirga muhtoj, usti ochiq savdo rastalarida qiyinchilik bilan xaridorlarga xizmat ko‘rsatishar edi. Axir savdo faqat yozda, yog‘in-sochinsiz kunlari qilinmaydi-ku. Savdogarlargayam, xaridorlargayam usti yopiq, hamma sharoitlari bor bozor kerak edi. Boshqa shaharlarga borganimizda obod bozorlarni ko‘rib havasimiz kelardi. Mana, orzumiz ushalib bizda ham shunday joylar qurildi.G‘ijduvonliklar bari juda xursand.

– Bozorimiz to‘kinligi, arzonligi bilan ham mashhur, shuning uchun bu yerga qo‘shni tumanlar, hattoki boshqa viloyatlardan ham ko‘plab xaridorlar kelib turishadi. Qolaversa, G‘ijduvonda ishlab chiqarilgan hunarmandchilik mahsulotlarining dovrug‘ini butun O‘zbekistonda yaxshi bilishadi. Tadbirkorlar va hunarmandga nima kerak? Barcha qulayliklarga ega savdo rastalari. Afsuski, “Paxta tozalash zavodi” binolarida joylashgan eski dehqon bozori sotuvchilarning ham, xaridorlarning ham talablariga javob bermas edi. Bozorda qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar betartib sotilardi, tirbandlik va tartibsizlik bozorga kiraverishdan boshlanardi. Mana endi barchasi joyiga tushdi. Ixtisoslashtirilgan bozorning barpo etilishi esa tadbirkorlarga ham, aholiga ham har tomonlama qulaylik yaratdi.

Majmuaning ochilish marosimida viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev so‘zga chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 29-30 mart kunlari Buxoro viloyatiga amalga oshirgan tashriflari chog‘ida berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida sharqona va milliy me’morchilik an’analarini hisobga olgan holda G‘ijduvon dehqon bozorini zamonaviy savdo majmuasiga aylantirilganini ta’kidladi.

Ochilish marosimida yangi savdo majmuasining qisqa muddatda va sifatli qilib qurish, sotuvchi va xaridorlarga qulay sharoit yaratish, savdo xizmati sifatini yanada yaxshilashga beqiyos kuch-g‘ayrat sarflab, zo‘r jonbozlik va fidoyilik ko‘rsatganlarga xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Yangilangan G‘ijduvon dehqon bozorida mingdan ortiq tadbirkor, fermer va dehqonlarga o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni sotishlari uchun shart-sharoit hozirlangani barobarida 2 ming nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlanganini alohida qayd etib o‘tish kerak.

Viloyat hokimligi axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top